Rossiya tibbiy ko‘rikdan bo‘yin tovlagan chet elliklarni javobgarlikka tortishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, yaqin kunlarda Davlat dumasiga migratsiya siyosatini takomillashtirish maqsadida bir qator qonunchilik tashabbuslarini kiritishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaga uch oydan ortiq muddatga kelgan barcha chet el fuqarolari uchun majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tish muddati 90 kundan 30 kungacha qisqartiriladi.

Tibbiyot muassasalariga ayrim ma’lumotlarni yuborish majburiyati yuklanadi. Xususan, Rossiya IIVga rasmiylashtirilgan tibbiy xulosalar, Rospotrebnadzorga esa migrantda yuqumli kasallik aniqlangani va uni tezkor chiqarib yuborish zarurati haqida axborot taqdim etiladi.

Chet el fuqarolarining tibbiy ko‘rikdan bosh tortishi uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilishi taklif qilinmoqda. Bunda huquqbuzarlik uchun jarima belgilash hamda sud qarori bilan mamlakatdan chiqarib yuborish imkoniyati nazarda tutiladi.

Shuningdek, atrofdagilar uchun xavfli kasalliklar yo‘qligi haqidagi rasmiy hujjatlarni soxtalashtirish va tarqatish uchun og‘irlashtirilgan jinoiy javobgarlik o‘rnatilishi ko‘zda tutilmoqda.

Taklif etilayotgan choralar migrantlar ustidan nazoratni kuchaytirish hamda jamoat xavfsizligini oshirishga qaratilgan.

O‘tgan yilning iyul oyida Rossiyada migrantlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish kuchaytirilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Endi ulardan tibbiy sug‘urtadan tashqari giyohvand moddalar, OIV, gepatit B va C, sil hamda sifiliz yo‘qligini tasdiqlovchi hujjatlarni ham taqdim etish talab qilinadi.


Avvalroq Spot Rossiyada 2026-yildan boshlab migrantlar uchun yangi cheklovlar joriy etilishi haqida yozgandi.

Yangi qoidalarga ko’ra, migrantlarga alkogol va tamaki savdosida ishlash taqiqlanadi. Ularning bozorlarda, ko‘chma chakana savdo do‘konlarida va dorixonalarda ishlashiga qo‘yilgan taqiq ham o‘z kuchida qoladi.