Xitoyning Uxu okrugida birinchi robot-politsiyachi uchirildi. Bu haqda Rozetked nashri xabar berdi.
Wuyou R001 roboti Chery kompaniyasi tomonidan mahalliy munitsipal harakatni boshqarish bo‘limi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.
Hozirda robot yo‘l harakatini tartibga solish, noqonuniy to‘xtash joylarini qayd etish va yo‘lni videokuzatuv qilish uchun javobgardir.


Politsiya funksiyalaridan tashqari, robot o‘rnatilgan xaritalar va o‘z mas’uliyati doirasida mustaqil harakatlanish orqali avtonom navigatsiyaga o‘rgatilgan.
Shuningdek, u mahalliy svetofor tizimiga ulangan bo‘lib, nafaqat avtomobillar, balki piyodalarning qoidabuzarliklarini ham kuzatish imkoniyatiga ega.
Kelajakda bu robotlar va ularning takomillashtirilgan versiyalari katta partiyalar bilan qo‘llaniladi hamda o‘zida qo‘mondonlik va dispetcherlik vazifalarini birlashtiradi.
Shu bilan birga, ular yo‘l-transport hodisalariga tezkor munosabat bildirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Dekbar oyida Xitoyning sharqiy qismida sun’iy intellekt texnologiyalari bilan jihozlangan robot-nazoratchi faoliyat boshlagani haqida xabar berilgandi.
Qayd etilishicha, robot-nazoratchi Xanchjou shahridagi chorrahalarning birida navbatchilikni o‘z zimmasiga oladi.
Yo‘l harakati nazoratchilarining odatiy imo-ishoralarini bajarmoqda va yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchi hamda piyodalarga ovozli ogohlantirishlar bermoqda.
YHXX vakilining tushuntirishicha, Xansin-1 robotining harakatlari haqiqiy yo‘l inspektorlarining imo-ishoralariga asoslangan bo‘lib, sun’iy intellekt modeli haqiqiy trafik sharoitida o‘rganish orqali asta-sekin takomillashib bormoqda.
Robot tizimi svetofor uskunalari bilan integratsiyalashgan bo‘lib, yo‘l boshqaruv signallariga muvofiq ravishda o‘z ish rejimini o‘zgartira oladi.
Avvalroq Spot Hyundai avtomobil zavodlari uchun yangi odamsimon robotni taqdim etgani haqida yozgandi.
Atlas nomli robot inson o‘lchamidagi to‘liq aylanuvchi bo‘g‘inlari orqali 50 kilogrammgacha yukni ko‘tara oladi.


