2024-yildagi zaiflik bilan bog‘liq Instagram foydalanuvchilari ma’lumotlar bazasining qayta tarqatilgani aniqlandi.
Taxminan 17,5 mln akkaunt haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan ma’lumotlar to‘plami maxsus xakerlik forumlarida yoyildi.
Digital Trends nashrining yozishicha, dastlabki zaiflik bartaraf etilganidan so‘ng dolzarb emas deb hisoblangan ma’lumotlar yana ochiq foydalanishga chiqib qoldi.
Dastlabki hodisa 2024-yilda platforma API konfiguratsiyasining noto‘g‘ri sozlanishi natijasida yuz bergan bo‘lib, bu bir necha oy davomida foydalanuvchi profillari haqidagi ma’lumotlarni yig‘ish imkonini bergan.
Meta tomonidan texnik zaiflik o‘z vaqtida bartaraf etilganiga qaramay, to‘plangan ma’lumotlar yopiq tarmoqlarda aylanishda davom etmoqda va vaqti-vaqti bilan ommaviy maydonda paydo bo‘lmoqda.
Malwarebytes xavfsizlik ogohlantirishiga ko‘ra, ma’lumotlar sizib chiqishi ortida Solonik taxallusi ostidagi xaker turgan.
Oshkor etilgan ma’lumotlar to‘plami foydalanuvchilarning taxalluslari, to‘liq ismlari, elektron pochta manzillari, telefon raqamlari va ayrim hollarda jismoniy manzillarini o‘z ichiga olgan shaxsiy ma’lumotlarning batafsil majmuasidir.
2026-yil 11-yanvar holatiga ko‘ra, Meta rasmiy vakillari ma’lumotlarning qayta tarqalishi haqidagi faktga hech qanday izoh bermadi.
Geografik tahlil shuni ko‘rsatmoqdaki, zarar ko‘rgan akkauntlarning aksariyati Yevropada joylashgan, biroq xavf global xususiyatga ega.
Bu ayniqsa turli onlayn platformalarda bir xil parollarni qayta-qayta ishlatadigan foydalanuvchilar uchun jiddiy tahdid hisoblanadi.
Instagram ehtimoliy buzilish haqidagi xabarlarga munosabat bildirib, hech qanday ma’lumot sizib chiqmagani haqida bayonot berdi. Barcha foydalanuvchi hisoblari “xavfsiz” ekanligini ta’kidladi.
Ijtimoiy tarmoq X tarmog‘ida, “ba'zi” foydalanuvchilarga parolni tiklash so‘rovi bilan xatlar kelib tushishiga sabab bo‘lgan xato bartaraf etilganini ma’lum qildi. Ushbu xato uchinchi shaxslarga parolni tiklashni so‘rash imkonini bergan.
Xizmat “chalkashlik” uchun uzr so‘radi va xatlarni “e'tiborsiz qoldirish mumkinligi"ni qayd etdi. Parolni o‘zgartirish so‘rovlari haqidagi xabarlar r/Instagram sabreditida kamida 2026-yil yanvaridan beri paydo bo‘la boshlagan. Izohlarda ijtimoiy tarmoq buzilgani, ammo u hujumni oshkor qilmayotgani taxmin qilingan.
Avvalroq Instagram Reels’da tavsiyalar mavzusini tanlash imkoniyatini qo‘shgani haqida xabar berilgandi.
Funksiya foydalanuvchiga xizmat tavsiya qilgan mavzularni ko‘rib, ortiqchalarini o‘chirish yoki o‘zi xohlaganlarini qo‘shish imkonini beradi.
