Yevropa Ittifoqi 24-fevralga qadar Rossiyaga qarshi 20-sanksiyalar paketini tayyorlamoqda, deb xabar berdi Euractiv manbasi.

Finlyandiya va Shvetsiya Yevrokomissiyani Rossiyaga parallel import orqali olib kirilayotgan qimmatbaho buyumlar eksportini taqiqlashga chaqirmoqda.

Shuningdek, Finlyandiya va Shvetsiya Rossiya neft tankerlariga xizmat ko‘rsatishni taqiqlash va Rossiya o‘g‘itlari importiga kvotalarni qisqartirishga chaqirmoqda.

2022-yildan boshlab Rossiyaga 300 yevrodan qimmat hashamatli tovarlarni eksport qilish taqiqlangan. Biroq, Euractiv ma’lumotiga ko‘ra, Gucci, Bottega Veneta va Yves Saint Laurent kabi ko‘plab elita Yevropa brendlari hamon bu tovarlarni Rossiyaga ustama narx bilan olib kirmoqda.

Euractiv tushuntirishicha, bu tovarlar Xitoy, Turkiya va boshqa mamlakatlardan parallel import yo‘li bilan olib kirilmoqda.

2022-yil mart oyida Yevropa Ittifoqi 22 turdagi mahsulotning har birligi 300 yevrodan qimmat bo‘lgan hashamatli buyumlarni import qilishni cheklovchi sanksiyalar joriy etdi.

Shu oyda AQSh ham hashamatbop buyumlar eksportini taqiqladi, shunga o‘xshash choralarni Buyuk Britaniya ham qo‘lladi. Ba’zi xorijiy hashamatbop brendlar esa 2022-yil bahorida Rossiyadagi do‘konlarini yopdi, masalan, Chanel, Dior, Prada, Louis Vuitton, Cartier.

Rossiya Sanoat va savdo vazirligi 2022-yil may oyida huquq egasining roziligisiz parallel import qilishga ruxsat etilgan tovarlar ro‘yxatini tuzdi.

Bosh vazir Mixail Mishustin ta’kidlashicha, bunday choralar G‘arbning harakatlariga qaramay, tovarlar yetkazib berilishini kafolatlash imkonini beradi.

Yevropa Ittifoqi 2025-yil iyulidan Rossiyadan import qilinadigan o‘g‘itlarga bojlar joriy etdi. Bojxona qiymatidan 6,5% lik stavkaga qo‘shimcha ravishda azotli o‘g‘itlar uchun har tonnasiga 40 yevro , azot saqlovchi o‘g‘itlar uchun esa 45 yevro miqdorida qat’iy summa belgilandi.

Bu bojlar bosqichma-bosqich oshiriladi va 2028-yil iyuliga kelib azotli o‘g‘itlar uchun tonnasiga 315 yevro, murakkab o‘g‘itlar uchun esa 430 yevro miqdoridagi taqiqlovchi darajaga yetadi. 2025-yil iyulida Buyuk Britaniya ham Rossiya o‘g‘itlari importiga xuddi shunday bojlarni joriy qildi.

2025-yilda Yevropa Ittifoqi, AQSh va Buyuk Britaniya Rossiyaning neft sohasiga taalluqli yangi sanksiyalarni joriy etdi. Jumladan, YI o‘z hududida Rossiya nefti va neft mahsulotlari uchun vaqtinchalik saqlash omborlarini taqdim etishni taqiqladi.

Shuningdek “soya floti"ga mansub kemalarga nisbatan cheklovlar kiritdi. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi Rossiya neftidan olingan neft mahsulotlarini yevro hududiga import qilishni man etdi.

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 19 ta sanksiyalar paketini qabul qilgan bo‘lib, oxirgisi 23-oktabrda joriy etildi.

YI bayonotiga ko‘ra, Rossiya banklari va elektron to‘lov tizimlariga, shuningdek Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam bergan ayrim xorijiy kompaniyalarga nisbatan qo‘shimcha cheklovlar kiritildi. Sanksiyalar ostiga Sberbank va VTBning xorijiy filiallari ham tushdi.


Avvalroq O‘zbekistonlik tadbirkor Rustam Mo‘minov YI sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgani haqida xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqi Mo‘minovni Rossiya porox zavodlariga paxta sellyulozasi yetkazib berishga aloqador deb hisoblamoqda.