Iqtisodiyot va moliya vazirligi fuqarolarni firibgarlikdan ogoh bo‘lishga chaqirdi.

Taʼkidlanishicha, vazirlik rahbariyati nomidan Telegram‘da soxta akkauntlar ochilgani va ular orqali turli shubhali xabarlar yuborilayotgani kuzatilmoqda. Shuningdek, “har bir fuqaroga kompensatsiya to‘lanayotgani” to‘g‘risidagi yolg‘on maʼlumotlar tarqatilmoqda.

Shu munosabat bilan vazirlik fuqarolardan ogoh bo‘lishni so‘radi.

Agar fuqarolarga vazirlik rahbariyati vakillaridan birining ismi-sharifi va surati tushirilgan notanish profillardan pul o‘tkazish, shubhali havolalarga kirish yoki shaxsiy ma‘lumotlarni taqdim etish mazmunidagi xabarlar kelsa ishonmaslik hamda javob bermaslik lozimligi aytildi.

Hech qanday moliyaviy amaliyotni bajarmaslik kerak. Ushbu profilni darhol bloklab, “spam” tugmasini bosish qayd etildi.

Vazirlik rahbariyati hech qachon ijtimoiy tarmoqlar orqali xodimlar yoki fuqarolardan pul mablag‘lari talab qilmasligi eslatib o‘tildi.

“Ushbu holatga huquqiy baho berish va qonuniy chora ko‘rish uchun tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berildi”, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.


Avvalroq 2025-yilda kiberjinoyatchilar o‘zbekistonliklarning 1,9 trln so‘m mablag‘larini o‘g‘irlagani haqida xabar berilgandi.