Bill Geyts o‘z blogida sun’iy intellektning rivojlanish chegarasi yo‘qligi va u terrorizm quroliga aylanishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Microsoft asoschisi “Izohlar bilan optimizm” nomli uzun maqola e’lon qildi. Unda u sun’iy intellektdan foydalanish borasidagi xavotirlari bilan o‘rtoqlashadi.

Geyts dunyo sun’iy intellekt pufagining markazida ekanligini ta’kidlab, buni investorlarning shijoati va qiymati oshirib yuborilgan kompaniyalar bilan bog‘liq dotkomlar davriga o‘xshatdi.

Uning fikricha, bunday kompaniyalarga ko‘p mablag‘ sarflash boshi berk ko‘chaga kirib qolishga va pullarning behuda sarflanishiga olib keladi.

Geytsning ta’kidlashicha, insoniyat kashf etgan barcha vositalar orasida sun’iy intellekt jamiyatni eng ko‘p o‘zgartiradi.

U bugungi muammolarning ko‘pini hal qilishga yordam beradi, shu bilan birga avvalgi innovatsiyalardan mutlaqo farq qiladigan yangi chaqiriqlarni ham yuzaga keltiradi.

Sun’iy intellekt sohasida ayrimlar AGI yoki to‘liq gumanoid robotlar yaqin orada paydo bo‘lishini bashorat qiladi. Ammo bu muddatlar bajarilmay qolganda, bunday texnologiyalar umuman yuzaga kelmaydigandek taassurot paydo bo‘ladi.

Aslida esa sun’iy intellekt va robotlar rivojining yuqori chegarasi yo‘q va bu taraqqiyot inson darajasidan oshmasdan turib to‘xtab qolmaydi.

Kelgusi o‘n yillikdagi asosiy ikki xavf — sun’iy intellektdan yomon niyatlarda foydalanish va mehnat bozorida yuzaga keladigan keskin o‘zgarishlardir. Bu real muammolar bo‘lib, ularni boshqarishda yanada puxta va mas’uliyatli yondashuv talab etiladi.

Shu bilan birga, u davlatlar ham, xususiy kompaniyalar ham sun’iy intellekt vositalarini terrorizm quroli sifatida qo‘llashi mumkinligidan xavotirda.

Shuning uchun sun’iy intellektni ishlab chiqishda barchaga tegishli umumiy qoidalar va cheklovlarni belgilash nihoyatda muhimdir.

2015-yilda Geyts TED sahnasida dunyo pandemiyaga tayyor emasligi haqida ogohlantirganini, agar COVID pandemiyasiga yetarlicha tayyorgarlik ko‘rilganida, insoniy azob-uqubatlar ancha kam bo‘lardi dedi.

Bugun esa tabiiy kelib chiqadigan pandemiyadan ham kattaroq xavf shundaki, nodavlat guruhlar ochiq manbali sun’iy intellekt vositalaridan foydalanib, bioterrorizm qurolini yaratishi mumkin.

Sun’iy intellektning tez rivojlanishi allaqachon dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilari kabi sohalarda ish talabiga ta’sir ko‘rsatishga yetmoqda.

Ombor ishlari yoki telefon orqali yordam ko‘rsatish kabi boshqa sohalar hali bu bosqichga yetmagan, lekin sun’iy intellekt imkoniyatlari oshgan sayin, ish bozoridagi silkinishlar tezroq yuz beradi.

“Biz allaqachon sun’iy intellektning ish bozoriga ta’sirini ko‘rib boshladik va men bu ta’sir keyingi besh yil ichida kuchayishiga ishonaman”, — deya ta’kidladi Geyts.

U hatto o‘tish jarayoni kutganidan uzoqroq davom etsa ham, 2026-yildan boshlab bu o‘zgarishlarga tayyorlanish, shu jumladan boylikni teng taqsimlash va ishning jamiyatdagi muhim rolini hisobga oladigan siyosatlarni ishlab chiqish kerakligini qayd etdi.

“O‘ylaymanki, biz sun’iy intellektdan nafaqat innovatsiyalarni rivojlantirishni tezlashtirish, balki bevosita sog‘liqni saqlash xizmatlarini ko‘rsatishda foydalanish orqali barcha mamlakatlarda sog‘liqni saqlashni tubdan yaxshilashimiz mumkin”, deydi Geyts.

Uning qayd etishicha, uchta soha — iqlim, sog‘liqni saqlash va ta’lim — hukumatlar to‘g‘ri e’tibor qaratgan taqdirda juda tez rivojlanishi mumkin.

Ma’lum bo‘lishicha, 2019-yilda Geyts Microsoft’ning hozirgi rahbari Satya Nadellani OpenAI’ga sarmoya kiritishdan qaytargan va u barcha pullarini “sovurib yuborishi” haqida ogohlantirgan ekan.


Avvalroq Bill Geyts sun’iy intellekt o‘n yildan so‘ng shifokorlar va o‘qituvchilarning o‘rnini egallashi haqida gapirgandi.

Geytsga ko‘ra, sun’iy intellektga asoslangan texnologiyalarning tez rivojlanishi tibbiy xizmat ko‘rsatish va tashxis qo‘yishni yaxshilashdan tortib, sun’iy intellekt repetitorlari va virtual yordamchilarning keng tarqalishigacha bo‘lgan sohalarda kuzatiladi.