ChatGPT yangi ish tanlash funksiyasini taqdim etishga tayyorlanmoqda, deya xabar berdi Kod Durova nashri.
OpenAI ChatGPT Jobs nomli yangi funksiyasini sinovdan o‘tkazmoqda. Bu virtual karera yordamchisi bo‘lib, ish qidirishni osonlashtirishi, rezyumeni takomillashtirishi va keyingi karera qadamlarini rejalashtirish bilan bog‘liq masalalarda yordam berishi ko‘zda tutilgan.
Ushbu funksiya sog‘liq masalalariga bag‘ishlangan ChatGPT Health bo‘limi ishga tushirilganidan ko‘p o‘tmay paydo bo‘ldi. Bu ChatGPT’ni kundalik vazifalarni hal qilish uchun universal ilovaga aylantirish yo‘lidagi yana bir urinish bo‘lib ko‘rinadi.
Funksiya mantiqan yaqinda ishga tushirilgan Health bo‘limiga o‘xshaydi, lekin karyera va kasbiy rivojlanishga e’tibor qaratadi.
Jobs ChatGPT’ni shaxsiy karyera maslahatchisi sifatida ishlatish imkonini beradi. Uning yordamida rezyumeni takomillashtirish, mehnat bozorida kuchli mavqeni shakllantirish yoki karyera rejasini tuzib olish mumkin.
Funksiya tavsifida uchta asosiy yo‘nalish ko‘rsatilgan: rezyume va kasbiy profilni yaxshilash, mos ish o‘rinlarini topish va boshqa nomzodlar orasida ajralib turishning usullarini aniqlash, shuningdek, foydalanuvchining maqsad va kutilmalarini inobatga olgan holda karyera imkoniyatlarini izlash va taqqoslash.
Kengaytirilgan imkoniyatlar haqida hozircha batafsil ma’lumot berilmagan, ammo ko‘pchilik Jobsning ishlash tartibi yaqinda taqdim etilgan Health bo‘limiga o‘xshash bo‘lishini ta’kidlamoqda.
Hozirda ChatGPT Jobs ichki sinovdan o‘tkazilmoqda va ommaviy ishga tushirish muddati hali oshkor etilmagan.
Avvalroq OpenAI ChatGPT’da reklama ko‘rsatish tizimini ishlab chiqayotgani haqida xabar berilgandi. Chat-bot ishlab chiquvchilari interfeysga reklamani kiritish imkoniyatlarini faol o‘rganmoqda.
