Salomatligi xavfsizlik kamari taqish imkonini bermaydigan kasalliklar ro‘yxati Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Ushbu kasalliklar mavjudligi bo‘yicha QR-kodli tibbiy maʼlumotnoma “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi.

Maʼlumotnoma bemor biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasi yoki bemor davolangan davlat tibbiyot muassasasi tomonidan bepul beriladi.

Ro‘yxatga jami 20 turdagi kasallik va holatlar kiritilgan. Ular:

  1. O‘mrov va to‘sh suyagi sinishi
  2. Yelka kamari sinishi
  3. Qovurg‘alar sinishi
  4. Chap o‘mrov suyagi chiqishi tufayli o‘tkazilgan operatsiyalar
  5. Chap o‘mrov suyagining soxta bo‘g‘imi sinishi
  6. Umurtqa pog‘onasining kompression sinishi
  7. O‘pkaning surunkali obstruktiv kasalliklari (IV bosqich)
  8. Bronxial astma (IV bosqich)
  9. O‘pkaning interstitsial zararlanishi (fibroz va boshqalar)
  10. O‘pkaning bir qismi yoki butun qismining (chap yoki o‘ng) olib tashlanishi (lobektomiya, pnevmonektomiya)
  11. Surunkali yurak yetishmovchiligining III bosqichi va dekompensatsiya bosqichi
  12. Og‘ir yurak-qon tomir kasalliklari (o‘tkazilgan infarktlar, ishemiya va boshqalar)
  13. III darajali (morbid) semizlik (Tananing massa indeksi ≥ 40)
  14. Past bo‘yli (nanizm) 150 santimetrdan past
  15. Qo‘l yoki kelka harakatini cheklovchi nevrologik kasalliklar
  16. Tananing ko‘krak qismida joylashgan og‘ir allergik yoki dermatologik kasalliklarning og‘ir shakllari (ekzema, psoriaz va boshqalar)
  17. O‘mrov, kurak, yelka, to‘sh suyaklari va qovurg‘alarda ichki va tashqi implantlarning mavjudligi
  18. Ko‘krak qafasi va qorin bo‘shlig‘ida o‘tkazilgan ochiq turdagi operatsiyalar
  19. Stomalar mavjud bo‘lishi
  20. Ko‘krak qafasi sohasidagi yirik hosilalar (o‘sma)

Maʼlumotnoma 1 yil muddatga beriladi. Ayrim holatlarda bu muddat o‘zgarishi mumkin.


Avvalroq davlat tibbiy sug‘urtasida bepul statsionar yordam joriy etilishi 6 oyga kechiktirilgandi.