SpaceX kompaniyasi insoniyatni Yerdan tashqaridagi sivilizatsiyalar bilan uchrashtirish maqsadida yulduzlararo sayohatlarni maqsad qilgan. Bu haqda Ilon Maskning Texasdagi chiqishiga tayanib, Vedomosti xabar berdi.

“Biz “Yulduzli yo‘l"ni haqiqatga aylantirmoqchimiz”, — dedi amerikalik tadbirkor.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugun fantastika bo‘lib ko‘rinayotgan narsalar bir kun kelib ilmiy faktga aylanadi.

Avvalroq The New York Times Ilon Maskning Mars mustamlakasini barpo etish rejalarini batafsil ishlab chiqqani haqida yozgan edi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, SpaceX jamoalari Marsda yashash uchun gumbazli turar-joy majmualari va skafandrlar chizmalarini tayyorlamoqda.

Shifokorlardan iborat alohida guruh Qizil sayyora sharoitida bolalar dunyoga kelishi mumkinligini o‘rganmoqda. Kelajakdagi mustamlaka uchun genetik materialni Maskning o‘zi taqdim etishga tayyor ekan.

Biroq keyinchalik SpaceX asoschisi Marsni o‘zlashtirish rejalari haqidagi ma’lumotni inkor etdi. Hozirda esa u o‘zga sayyoralik aql-idrok egalari bilan aloqa o‘rnatishdek yanada ulkan maqsadlar haqida ochiq so‘zlamoqda.

Avvalroq Ilon Mask Marsda yashash va o‘lish imkoniyatini tan olgani haqida xabar berilgandi.

“Menda hozir va har doim faqat bitta pasport bor: AQShniki. Men shu yerda yashab, shu yerda vafot etaman. Yoki Marsda (u ham Amerikaning bir qismi)”, deya ta’kidladi tadbirkor.

2020-yil yanvarida Ilon Mask Marsda shahar barpo etish rejalarini ma’lum qildi. Tadbirkor 2050-yilgacha Marsga bir million kishini jo‘natishni va u yerda “ko‘plab ish o‘rinlari” yaratishni mo‘ljallamoqda.

Mart oyida milliarder Starship kosmik kemasining Marsga ilk parvozi 2026-yil oxirida amalga oshirilishini e’lon qildi. Agar Optimus odamsimon robotlarining vazifasi muvaffaqiyatli bajarilsa, 2029-yilda birinchi insonlar Marsga qo‘nishi mumkin.

Biroq u 2031-yilni ehtimoli ko‘proq sana deb bilishiga aniqlik kiritdi.