Qonunchilik palatasining 13-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan majlisida davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yana-da takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Hujjatda davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yana-da kengaytirish, davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, ilgari qonuniy imkoniyati bo‘lmagan ota ismini bolaga familiya sifatida berish amaliyoti joriy qilinishi ko‘zda tutilgan.

Majlisda so‘zga chiqqan Adliya vaziri o‘rinbosari No‘mon Muhammadiyev bolaning familiyasi hozirgi kunda boboning ismi bo‘yicha berilayotganini aytdi.

Taʼkidlanishicha, hozirgi vaqtda ota ismini bolaga familiya sifatida berish imkoniyatining mavjud emasligi qonunchilik hujjatlarining takomillashtirilishiga hamda fuqarolarning haqli eʼtirozlariga sabab bo‘lmoqda.

“Masalan, bolalar uyida ulg‘aygan otalar yoki otalik huquqidan mahrum qilingan shaxslarning farzandlari o‘z bolalariga otalik huquqidan mahrum qilingan otaning ismini familiya sifatida berishni xohlamayapti. Bunday hollarda har kuni 10−15 nafar ota-onalar farzandlarining tug‘ilganligi haqidagi dalolatnomalarga o‘zgartirish kiritish orqali o‘z familiyalarini, ismlarini berish holatlarini rasmiylashtiryapti”, — deydi vazir o‘rinbosari.

Bu borada xalqaro tajriba ham o‘rganilgan. Jumladan, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonda ham bolaning familiyasi ota yoki boboning ismi bo‘yicha berilishi belgilangan.

Shu bois Oila kodeksi ning 69-moddasiga otaning ismini bolaga familiya sifatida berish bo‘yicha qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.

O‘z navbatida, O‘zLiDeP fraksiyasi aʼzosi, deputat Zafar Xudoyberdiyev ushbu taklifni qo‘llab quvvatlashini bildirdi. U qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqishda bolaga familiya berilayotganda, uning qo‘shimchasi bo‘yicha normani hujjatga kiritishni taklif qildi.

“Bolaga familiya berilayotganda o‘sha familiyaning qo‘shimchasi bo‘yicha eʼtirozlar bor. Qirg‘izistonda bolalar uchun „o‘g‘li“, qiz bolalar uchun „qizi“ qo‘shimchasining qo‘shilishi yoki Tojikistonda otaning familiyasi yoki otaning ota ismiga „-ov, -ova, -yev, -yeva“ qo‘shimchalarini qo‘shmasdan yozilishi kabi asoslar keltirilyapti. Bizda esa aynan shu bolalarga berilayotgan familiyadagi qo‘shimchalar qonunosti hujjatlarida berilgan, lekin u ham juda aniq berilmagan”, — deydi deputat.

Zafar Xudoyberdiyev amalda O‘zbekistonda “-ov, -ova” yoki “-yev, -yeva” qo‘shimchasi bilan bolaga familiya berilsa hech qanday eʼtiroz bildirilmasligini aytdi.

“Lekin, „-iy“ qo‘shimchasi, masalan, „Zafariy“ yoki „Zafarzoda“ deb qo‘ymoqchi bo‘lsangiz darrov „Bu noto‘g‘ri, bunday qo‘yish mumkin emas-ku“, degan eʼtirozlar boshlanadi. Men taklif qilardimki, ikkinchi o‘qishda familiyaga qo‘shilayotgan qo‘shimcha norma sifatida qonunosti hujjatlarimizda emas, aynan qonunimizda aks etsa, bolaga familiya berishda aholi eʼtirozlari yana ham kamaygan bo‘lar edi”, — deya qo‘shimcha qildi O‘zLiDeP fraksiyasi aʼzosi.


Avvalroq ruxsatsiz ko‘p qavatli uy-joy qurilishlari uchun javobgarlik kuchaytirilishi haqida xabar berilgandi.