OpenAI kompaniyasi tarjima qilish uchun bepul — ChatGPT Translate xizmatini ishga tushirdi. Bu haqda The Verga nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, tarjima xizmati barcha uchun mavjud. Xizmat tashqi ko‘rinishidan “Google Tarjimon"ni eslatuvchi veb-sahifadir.

Foydalanuvchilar chap tomondagi oynada asl tildagi matnni kiritadilar, shundan so‘ng o‘ng tomonda tarjima qilingan variantni oladilar.

Hozircha ishlab chiquvchilar xizmatning ishlashi uchun sun’iy intellektning qaysi modeli ishlatilishini tushuntirishmagan.

Hozirda xizmat 50 ga yaqin tilni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ular orasida rus tili ham mavjud. Ularni matn kiritish oynalari tepasidagi ochiluvchi menyulardan tanlash mumkin.

Bundan tashqari, turli xil tarjima uslublari taklif etiladi. Masalan, biznesga ko‘proq mos keladigan variant yoki aksincha, bola bilan muloqot qilishdek oddiy variantni olish imkoniyati bor.

Hozircha kompyuterlarda ChatGPT Translate faqat matn bilan ishlayapti. Mobil brauzerlarda esa mikrofon orqali ovozli so‘rovlarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyati ham mavjud.

Xizmat sahifasida aytilishicha, kelajakda foydalanuvchilar rasmlar bilan ham ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

The Verge nashrining yozishicha, OpenAI rasmiy ravishda ChatGPT Translate ishga tushirilishi haqida izoh bermagan. Xizmatning alohida ilova ko‘rinishida taqdim etilishi yoki etilmasligi hozircha noma’lum.


Avvalroq Spot ChatGPT ish topishga yordam beruvchi funksiyani sinovdan o‘tkazayotgani haqida yozgandi.

Bu virtual yordamchi bo‘lib, ish qidirish, rezyumeni yaxshilash va karyera rejalashtirishda yordam beradi.