Shavkat Mirziyoyev xalqaro madaniy tadbirlarning natijalari, turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi vazifalar hamda yirik madaniyat va turizm obyektlarini barpo etishga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

2025-yilda sayyohlar soni 11 mlndan oshib, turistik xizmatlar eksporti $4,8 mlrdga yetgani, shuningdek, vizasiz tartib joriy etilgan davlatlarning soni 94 taga ko‘paygani qayd etildi.

Shu bilan birga, turizm sohasini loyiha boshqaruvi tizimiga o‘tkazish, turizm mahsulotlarini yaratish va rivojlantirish bo‘yicha yagona mexanizmni joriy etish hamda yirik tadbirlarni muvofiqlashtirishni kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Soha faoliyatini raqamlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. Davlat va xususiy axborot tizimlarini uyg‘unlashtirib, Milliy turizm platformasi ni ishga tushirish, turistlar va tadbirkorlar uchun proaktiv raqamli xizmatlarni joriy etish, naqdsiz hisob-kitoblarni kengaytirish hamda turistlar oqimini tahlil qilish vazifalari belgilab berildi. Raqamlashtirish orqali yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish va sayyohlik yig‘imidan yillik tushumlarni oshirish rejalashtirilgani qayd etildi.

Mamlakat turizm salohiyatini AQSh, Fors ko‘rfazi davlatlari, Hindiston, Xitoy va Skandinaviya kabi ustuvor bozorlarda ilgari surish bo‘yicha yangi marketing strategiyasini amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi. O‘zbekistonning xalqaro turistik platformalardagi ishtirokini kengaytirish, raqamli kontentni rivojlantirish hamda yirik media resurslari va fikr yetakchilarini jalb qilish vazifalari belgilandi.

Taqdimotda yirik madaniyat va turizm obyektlari loyihalari ko‘rib chiqildi.

Samarqandda “Samarqand merosi yo‘lagi” loyihasi ish boshlamoqda. Registon ansambli, Bibixonim va Shohi Zinda majmualari hamda Mirzo Ulug‘bek rasadxonasini 6,6 kilometrlik yagona sayyohlik yo‘nalishi o‘zaro bog‘laydi.

Samarqandda yangi “Ipak yo‘li” muzeyini qurish loyihasi taqdim etildi. Umumiy maydoni 19,5 ming kvadrat metrni tashkil etadigan uch qavatli zamonaviy bino qurilib, unda inklyuziv muhit, ko‘rgazma zallari, eksponatlarni saqlash fondlari, shuningdek, taʼlim olishga mo‘ljallangan hududlarni yaratish ko‘zda tutilgan.

Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi hududida landshaft dizaynini yangilash rejalashtirmoqda. Yangi muzey binosi, immersiv ko‘rgazma zallari, tashrif buyuruvchilar uchun markaz barpo etiladi. Piyoda yo‘laklari obodonlashtirilib, arxeologik obyektlar yagona muzey muhitiga uyg‘unlashtiriladi.

Shuningdek, Buxoro shahrining bosh rejasi taqdim etildi. Unda qulay shahar muhitini shakllantirish, transport va turizm infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, kongress-xoll, amfiteatr, kutubxona, fud-xoll, chakana savdo va tijorat obyektlari hamda yuqori toifali mehmonxonani o‘z ichiga oladigan ko‘p funksiyali majmua sifatida tarixiy-etnografik bog‘ barpo etish nazarda tutilgan.

Muhokama yakunida prezident madaniyat loyihalarini turizmni rivojlantirish vazifalari bilan o‘zaro bog‘lagan holda amalga oshirish, ularning iqtisodiy barqarorligi va sifatli boshqaruvini taʼminlash zarurligini alohida taʼkidladi.


Avvalroq milliy turizm yagona platformasi Booking va Agoda bilan integratsiya qilinishi haqida xabar berilgandi.