Avvalroq prezident raisligida Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda jahondagi geosiyosiy o‘zgarishlar, xalqaro munosabatlardagi beqarorlik va mintaqaviy qarama-qarshiliklar haqida so‘z bordi.
Global iqtisodiy transformatsiyalar har bir davlatdan tashqi siyosatni doimiy ravishda qayta ko‘rib chiqib, uni milliy manfaatlar va zamon talablariga moslashtirib borishni talab qilayotgani taʼkidlandi.
Davlat rahbari so‘nggi yillardagi ochiq, pragmatik va muvozanatli tashqi siyosat natijasida O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzi oshib borayotganini qayd etdi.
“Shu bilan birga, global xavfsizlik arxitekturasidagi o‘zgarishlar, yangi iqtisodiy ittifoqlar, savdo yo‘nalishlari, texnologiyalar va energiya bozorlaridagi transformatsiyalar tashqi siyosatimizdan yana-da faol, aniq maqsadli va natijaga yo‘naltirilgan yondashuvni talab etmoqda”, — dedi prezident.
Shu munosabat bilan O‘zbekistonning Tashqi siyosat faoliyati konsepsiyasini yangilab, uning ustuvor yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqish, milliy manfaatlarni himoya qilish va xalqaro maydonda mamlakatning o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan aniq vazifalarni belgilab olish zarurligi ta‘kidlandi.
“Yangi konsepsiya mamlakatimizning uzoq muddatli strategik maqsadlarini, ichki islohotlarimiz mantig‘ini, iqtisodiy diplomatiya, xavfsizlik, investitsiya, eksport, transport-logistika, suv va iqlim masalalaridagi milliy manfaatlarimizni yaxlit va o‘zaro bog‘liq holda aks ettirishi lozim”, — dedi davlat rahbari.
Ishlarni samarali tashkil qilish uchun elchixonalarning har biriga qo‘shimcha mablag‘ berilishi belgilandi.
Diplomatlarning xizmatlarini munosib e‘tirof etish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan diplomat” faxriy unvonini ta‘sis etish taklif etildi.
Avvalroq O‘zbekiston elchilarining samaradorligi eksport, turizm va mehnat ko‘rsatkichlari bilan baholanishi haqida xabar berilgandi.
