Yengil sanoat sohasi korxonalari moliyaviy sog‘lomlashtiriladi. Bu haqda prezidentning tegishli farmoni qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, to‘qimachilik korxonalarini iqtisodiy va moliyaviy ko‘rsatkichlaridan kelib chiqqan holda “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi. Ularning faoliyatiga manzilli ko‘maklashish bo‘yicha korxonalarni qo‘llab-quvvatlash dasturi amalga oshiriladi.

Bunda korxonalarga banklar tomonidan $2 mlngacha kreditlar ajratishga ruxsat beriladi. Ushbu kreditlar Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi resurslari hisobidan, xarid qilingan va to‘lovlari to‘liq amalga oshirilgan yoki korxonaning o‘zi yetishtirgan xomashyo garovi asosida taqdim etiladi.

Sog‘lomlashtirish imkoniyati mavjud deb topilgan korxonalarning avval olgan tijorat kreditlari muddati 7 yilgacha uzaytirib beriladi.

Paxta xomashyosi xaridi uchun jalb qilingan kreditlar bo‘yicha 2026−2027-yillarda to‘lov grafiklarida yanvar-fevral oylari uchun belgilangan to‘lovlarni kredit shartnomasiga asosan oxirgi 6 oyga teng taqsimlangan holda to‘lashi mumkin.

Farmonga ko‘ra, 2026-yildan yengil sanoat korxonalarida quvvati 5 MVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi manbalarda ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasini sotishga ruxsat beriladi.

Joriy yildan 2027-yil oxirigacha paxta tayyorlash punktlariga mol-mulk va yer soliqlarini 50%ga kamaytirilgan stavkada to‘lashga ruxsat beriladi.

2026-yil 1-yanvardan 2029-yil 1-yanvargacha banklar balansidagi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarining mol-mulklari investorlarga realizatsiya qilishda QQSdan ozod qilinadi.

Banklar balansidagi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari mol-mulklarini xarid qilgan investorlarga, ishlab chiqarishni 6 oyda to‘liq tiklash sharti bilan, 1 yil davomida mol-mulk solig‘ini 50% kamaytirilgan stavkada to‘lashga ruxsat beriladi.

Charm-poyabzal, mo‘ynachilik korxonalari hamda terini qayta ishlovchi tashkilotlar uchun foyda, mol-mulk, yer va aylanma soliqlar bo‘yicha imtiyozlar muddati uzaytiriladi.

2025-yilning noyabrida yengil sanoat korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tartibi belgilangandi.


Avvalroq O‘zbekiston energiya samaradorligini oshirish uchun nimalar qilmoqchi ekanligi haqida xabar berilgandi.