AQSH Venesuela neftining umumiy qiymati $500 mln bo‘lgan birinchi partiyasini sotdi, deya xabar bermoqda CNN Oq uy vakiliga tayanib.
Sotilgan xomashyo hajmi va boshqa tafsilotlar ma’lum qilinmagan. Shu bilan birga, telekanal suhbatdoshining aytishicha, Venesueladan neft bo‘yicha yangi kelishuvlar “yaqin kunlar va haftalarda” kutilmoqda.
The New York Times manbalarga tayanib ta’kidlashicha, AQSH Energetika vazirligi Venesuela neftining 50 mln barrelini sotish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirmoqda.
Vashington dekabr oyida Janubiy Amerika respublikasi qirg‘oqlari yaqinidagi barcha sanksiya ostidagi tankerlarga qarshi blokada e’lon qilganidan keyin xomashyo talab qilinmay qoldi.
“Birinchi sotuv allaqachon amalga oshirildi va sotuvlar cheksiz davom etadi”, — dedi nashrga AQSH Energetika vazirligi vakili.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, tranzaksiya AQSH bozoriga neft eksportini qayta tiklash bo‘yicha $2 mlrdlik rejaga kiritilgan.
Pul AQSH hukumati tomonidan nazorat qilinadigan hisob raqamlariga tushadi, ularning asosiysi Qatarda joylashgan.
Nima sodir bo‘ldi?
3-yanvar kuni AQSH Karakasda operatsiya o‘tkazdi, uning natijasida Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores qo‘lga olindi. Amerika hukumati ularga bir qator ayblovlar qo‘ydi, ulardan eng asosiysi giyohvand moddalar yetkazib berishni tashkil etish edi.
Bir necha kundan so‘ng Donald Tramp Venesuelaning neft zaxiralaridan foydalanish niyatini e’lon qildi. Amerika yetakchisining ma’lum qilishicha, Lotin Amerikasi respublikasining vaqtinchalik hukumati AQSHga “bozor narxida sotish uchun 30 mlndan 50 mln barrelgacha yuqori sifatli sanksiya ostidagi neft"ni topshirgan.
Shuningdek, Tramp Venesuela energetika sektoriga kamida $100 mlrd miqdorida sarmoya jalb qilish rejalarini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Amerika kompaniyalarining neft sanoatiga “to‘liq kirishiga” erishmoqchi.
WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, Oq uy Venesuela neftining jahon narxini pasaytirishga erishish uchun uning ustidan uzoq muddatli nazorat o‘rnatish rejasini ishlab chiqmoqda. Bu neft narxini bir barrel uchun $50 gacha tushirish imkonini berishi kutilmoqda.
7-yanvar kuni AQSH Energetika vazirligi Venesuela neftini jahon bozorida sotishni boshlaganini e’lon qildi. Vazirlikning ta’kidlashicha, uni sotishdan tushgan mablag‘lar AQSH tomonidan nazorat qilinadigan bank hisob raqamlariga o‘tkaziladi va keyinchalik Vashingtonning xohishiga ko‘ra “Amerika va Venesuela xalqlari manfaati uchun” ishlatiladi.
Trafigura va Vitol neft treyderlari Venesuela neftini yetkazib berishda ishtirok etishga tayyorligini bildirdi. Shu bilan birga, Amerika energetika kompaniyalari rahbariyati mamlakat bozorida ishlashni qayta boshlash imkoniyatiga shubha qilmoqda — masalan, ExxonMobil rahbari Darren Vuds uni “investitsiyalar uchun mos emas” deb atadi.
“Hech bo‘lmaganda [Venesuelaga] sarmoya kiritishdan qancha foyda olishimizni tushunish uchun ko‘plab huquqiy va tijoriy asoslarni o‘rnatish kerak”, — dedi top-menejer.
Bundan tashqari, AQSH Venesuelaning dengiz blokadasi doirasida beshta neft tankerini qo‘lga kiritdi. Avvalroq respublikaning qirg‘oq zonasini tark etishga uringan yana oltita kema uning hududiy suvlariga qaytdi.
Avvalroq Spot AQSH Eron bilan savdo qiladigan barcha davlatlar uchun 25% lik boj joriy qilishi haqida yozgandi.
Donald Tramp bojlar haqidagi qaror “yakuniy va qat’iy” ekanligini va darhol kuchga kirishi haqida ma’lum qildi.
