Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Jami $90 mlrd to‘qimachilik mahsulotlarini import qilayotgan AQSh, Turkiya, BAA, Xitoy, Germaniya, Saudiya Arabistoni, Rossiya va Polshada Yengil sanoatni rivojlantirish agentligining vakolatxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Ushbu davlatlardagi elchilar va vakolatxonalar bilan birgalikda kamida 15 ta xorijiy sorsing kompaniya va xalqaro brendlarni O‘zbekistonga olib kelish, 100 ta mahalliy korxona faoliyatiga Better work, BCI, Organic kabi dastur va standartlarni joriy qilish vazifasi qo‘yildi.
Viloyatlar hokimlari elchilar bilan birga tekstil sohasidagi yirik 500 ta eksportchi korxonaning mahsulotlari namunalarini har bir elchixonada joylashtirishi muhimligi ta‘kidlandi.
Umuman, elchilar loyiha topish, uni olib kelib ishga tushirishdan manfaat ko‘rishi kerakligi qayd etildi. Buning uchun loyihani yakuniga yetkazgan elchilarga ustama to‘lash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Joriy yilda eksportni $40 mlrdga, investitsiyani $50 mlrdga yetkazish bo‘yicha marralar olingan. Buning uchun har bir elchi o‘zi faoliyat yuritayotgan hududning nisbiy ustunliklarini tahlil qilib, eksport, investitsiya, yangi texnologiya bo‘yicha aniq maqsad va natijaga ishlashi shartligi qayd etildi.
Ayrim vazirlar va tarmoq rahbarlari chetdan grant jalb qilish bo‘yicha bor imkoniyatlardan samarali foydalana olmayotgani qayd etildi. Ular elchilar yordamidan foydalanib, donor tashkilotlar bilan ishni to‘g‘ri tashkil qilganida o‘tgan yili yana kamida $200−300 mln grant jalb qilish mumkin edi.
Xalqaro tashkilotlar va donor mamlakatlar har yili $200 mlrdlik xalqaro grantlar e‘lon qilyapti. Bu imkoniyatdan unumli foydalanish, grantlar bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.
Bundan tashqari, AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveytsariya, Xitoy, Yaponiya va Singapurdagi elchilar bilan birgalikda TOP-100 ga kiruvchi xorijiy oliygohlarni O‘zbekistondagi oliygohlarga hamkor qilib olib kelish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish topshirildi.
Avvalroq elchilar xorijdagi o‘zbekistonliklar muammolari bilan joyiga chiqib ishlashi haqida xabar berilgan edi.
