Avvalroq 15-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Prezident fuqarolarga xorijda yuqori daromadli ish o‘rinlarini topib berish masalasiga to‘xtalib, igari aholi asosan ikki-uchta davlatga borib ishlagan bo‘lsa, hozirda tashkiliy migratsiya asosida 30 dan ortiq davlatda mehnat qilayotganini qayd etdi.
Tahlillar Shvetsiya, Daniya va Norvegiyada 300 ming ishchilarga ehtiyoj mavjudligini ko‘rsatgan. Norvegiyalik ish beruvchilar bu yilning o‘zida 3 ming fuqaroni o‘zlari o‘qitib, ularga Yevropa standartlari asosida sertifikat berishga hamda kamida 2,5−3 ming yevrolik ish bilan ta’minlashga tayyorligi ta’kidlandi. Shvetsiya esa grant asosida ijtimoiy xodimlarni tayyorlab, 2026-yilning o‘zida 500 nafarini ishga olish taklifini bermoqda.
Prezident Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev hamda O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchisi Rahmatulla Nurimbetovga 1-aprelgacha Shvetsiya, Daniya va Norvegiya bilan kelishuvga erishib, joriy yilda 5 ming, 2027-yilda esa kamida 10 ming nafar fuqaroni yuqori daromadli ish o‘rinlariga yuborish vazifasini topshirdi.
“Umuman, Nordik davlatlar — Shvetsiya, Norvegiya, Daniya, Finlandiya, Islandiya tashqi mehnat migratsiyasida biz uchun yangi yo‘nalish va kamida 500 mln yevrolik mehnat bozori bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shundan kelib chiqib, Behzod Musayev, Rahmatulla Nurimbetov hamda Latviyadagi elchi Timur Rahmonovga bir oy muddatda dastur ishlab chiqish vazifasi berildi. Ular 2030-yilgacha 50 ming aholini Nordik davlatlarga ishga yuborish bo‘yicha mas’ul etib belgilandi.
Yig‘ilishda ayrim mamlakatlardagi elchilar tashkiliy tarzda o‘zbekistonliklarni ishga jalb qilish tajribasini boshqa davlatlar bilan yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatmayotgani tanqid qilindi. Chetdan ishchi kuchini faol jalb etayotgan Avstriya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Chexiya, Saudiya Arabistonidagi elchilarning bu yo‘nalishdagi ishlari qoniqarsiz ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Avvalroq Belgiya o‘zbekistonliklar uchun qonuniy mehnat imkoniyatlarini kengaytirishi haqida xabar berilgandi.
