Toshkentda noqonuniy o‘rnatilgan reklama qurilmalarini demontaj qilish ishlari davom etmoqda. Bu haqda tuman hokimliklari xabar berdi.

Jumladan, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Buyuk ipak yo‘li” metro bekati oldida joylashgan hududlarda noqonuniy savdo faoliyatiga chek qo‘yilmoqda.

Shuningdek, noqonuniy o‘rnatilgan tashqi reklama va axborot konstruksiyalari, reklama qurilmalari hamda turli yozuv va eʼlonlar olib tashlanmoqda.

Olib borilayotgan tushuntirish ishlari natijasida noqonuniy savdolarning oldi olinib, hudud tartibga keltirilmoqda.

O‘rnatilgan reklama qurilmalari, axborot yozuvlari, tashqi reklama va axborot konstruksiyalari, bannerlari demontaj qilindi.

Shu bilan birga, Chilonzor tumanida ko‘chalarni yagona me‘moriy va estetik dizaynga keltirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Tuman hududidagi markaziy va ichki ko‘chalarda yo‘lbo‘yi infratuzilmasi tartibga solinadi.

Fasadlarni yagona meʼyorlar asosida taʼmirlash, noqonuniy o‘rnatilgan reklamalarni olib tashlash orqali zamonaviy tashqi ko‘rinish shakllantirilyapti.

“Piyodalar yo‘laklari va yashil hududlarni obodonlashtirish, yoritish tizimlarini yangilash, kichik arxitektura shakllarini o‘rnatishga alohida e‘tibor qaratilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Ko‘p qavatli uylar atrofidagi hududlar ham belgilangan dizayn-kod talablari asosida tartibga keltiriladi.

2025-yilning may oyida Toshkentning Shayxontohur va Chilonzor tumanlarida noqonuniy reklama qurilmalari demontaj qilingandi. Poytaxt hokimligi tadbirkorlardan reklama konstruksiyalarini joylashtirishda ruxsatnoma mavjudligiga aniqlik kiritishni hamda piyodalar va avtomobillar harakatini cheklab qo‘ymasligiga e’tibor qaratishni so‘ragan edi.

Spot Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamentining “Tashqi reklama” loyiha ofisi rahbari Shahriyor Shoazizov bilan noqonuniy reklamaga qarshi reydlar, peshlavhalarni demontaj qilish va avtomobillardagi reklamalar nazorati borasida suhbatlashgandi.

Toshkent shahar hokimligi dekabr oyi oxirida poytaxtning dizayn-kod loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygandi. Dizayn-kod poytaxtni yanada qulay, xavfsiz va estetik jihatdan go‘zal qilishga qaratilgan qoidalar to‘plamini o‘z ichiga oladi.


Avvalroq Toshkent shahar hokimligi Shavkat Umurzakov nomidan soxta akkauntlar ochilib, fuqarolarga murojaatlar yo‘llanayotgani bo‘yicha izoh bergandi.