Navoiy viloyatida noqonuniy oltin qazish bilan shug‘ullanayotgan uyushgan jinoiy guruh qo‘lga olindi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.

2025-yilning yozida Navbahor tumani, Qalqonota MFYda joylashgan Sarmishsoy tog‘ tizmasidagi yer maydonlarida noqonuniy oltin qazish ishlarini boshlagan guruh bir necha oy faoliyatini davom ettirib, sun‘iy hovuz va ag‘darma maydonlarini tashkil qilgan.

Ular tarkibida oltin bo‘lgan tog‘ jinslarini to‘plash bilan shug‘ullangan.

2025-yilning oktabrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda oltin qazuvchilar fosh etildi.

Jinoyat alomatlarini aks ettirgan qum uyumlari, hovuz ag‘darma va turli buyumlar qonuniy tartibda rasmiylashtirib olindi.

Ular faoliyati davomida tarkibida 9 kg 928 gramm miqdordagi umumiy narxi 15,55 mlrd so‘mlik oltin moddasi mavjud bo‘lgan tog‘ jinslarini o‘zlashtirgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 196-prim 2-moddasi 3-qismi “a” bandi (Foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida ruxsatnomasiz qazib olish juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Uyushgan jinoiy guruhning boshqa turdagi jinoyatlarga aloqadorligi, a‘zolari hamda ularning tarkibidagi vazifalarni aniqlash yuzasidan tezkor-surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.

2025-yilning oktabrida Buxoro va Navoiyda oltin qazib olayotgan 37 kishi qo‘lga olingandi.

Spot, avvalroq, NKMK 2025-yilda oltin qazib olishni 2,1% ga oshirib, 98 tonnadan ortiqqa yetkazgani haqida yozgandi.