O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim ikki haftadan so‘ng kuchga kiradi. Bu haqda O‘zbekistonning Afg‘onistondagi elchisi Oybek Usmonov 17-yanvar kuni elchilar va tadbirkorlar o‘rtasidagi ochiq muloqotda ma‘lum qildi.
Kabel mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona rahbarlaridan biri Pokiston va Afg‘oniston bilan imtiyozli savdo kelishuvlari zarurligi masalasini ko‘tardi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Pokistonda tayyor mahsulotlarni eksport qilish uchun katta salohiyat mavjud.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev O‘zbekistonning Afg‘onistondagi elchisi Oybek Usmonovdan O‘zbekiston tomonidan barcha zarur narsalar taqdim etilganiga qaramay, afg‘on tomoni nima uchun imtiyozli savdo masalasini cho‘zayotgani bilan qiziqdi.
Bunga javoban Oybek Usmonov ikki tomon vazirliklari hujjatni ikki oy avval imzolaganini ma‘lum qildi. O‘zbekiston tomonidan bu masalani shaxsan investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov nazorat qiladi.
“Hozirda O‘zbekiston va Afg‘oniston vazirliklari o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim kuchga kirishi bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda. Xudo xohlasa, ikki hafta ichida [ishlab ketadi]”, — dedi elchi.
Bosh vazir o‘rinbosari Afg‘oniston bilan imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim ikki haftadan keyin kuchga kirishini protokolda qayd etishni taklif qildi.
2025-yil iyun oyida Laziz Qudratov Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy bilan muzokaralar o‘tkazgandi. Tomonlar Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim hamda 2025−2026 yillarga mo‘ljallangan Savdo-iqtisodiy va sanoat sohalarida hamkorlik dasturini imzolagan edi.
Avvalroq O‘zbekiston va Afg‘onistonni bog‘lovchi Termiz-Hayraton ko‘prigi orqali fuqarolarni o‘tkazish punktlari qayta ish boshlagani haqida xabar berilgandi.
