Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Semurg Insurance sug‘urta kompaniyasi litsenziyasi amal qilishi to‘xtatilgani haqida xabar berdi.
Kompaniyaga sug‘urta faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha 2025-yil 7-oktabrda 1081744-sonli litsenziya berilgan edi.
Kompaniya litsenziyasining amal qilishini to‘xtatib turish muddati davrida yangi sug‘urta (qayta sug‘urta) shartnomalarini tuzish, amaldagi sug‘urta shartnomalarini uzaytirish taʼqiqlanadi.
Semurg Insurance ilgari tuzilgan sug‘urta shartnomalari bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni belgilangan tartibda bajarishi shart.
Shuningdek, agentlik litsenziyasi to‘xtatilgan sug‘urta tashkilotlari kamchiliklarni bartaraf etgunga qadar sug‘urta shartnomalari tuzmaslikni tavsiya qildi.
2024-yil kuzida ILMA Semurg Insurance sug‘urta kompaniyasini 31,5 mln so‘m jarimaga tortgandi.
2025-yilning oktabrida Semurg insurance‘ga tegishli litsenziyaning majburiy sug‘urta faoliyatini amalga oshirish qismi bekor qilingandi. Kompaniya litsenziyasi umumiy sug‘urta sohasida ixtiyoriy sug‘urta faoliyatini amalga oshirish uchun o‘zgartirilgan.
Avvalroq Yangi bank litsenziyasi bekor qilingani haqida xabar berilgandi.
