Rossiyaning Starlink analogini seriyali ishlab chiqarish 2026-yilda yo‘lga qo‘yiladi, deb yozadi TACC Roskosmos rahbari Dmitriy Bakanovga tayanib.

“Zorkiy” nomli sun’iy yo‘ldosh kosmosdan kadrlar oladi. Bu kadrlar asosida raqamli xaritalar yaratiladi va ushbu xaritalar bo‘yicha uchuvchisiz apparatlar harakatlanadi.

“Bu yil ushbu uskunalar seriyali ishlab chiqariladi,” — dedi Bakanov.

2027-yilga kelib orbitada 300 dan ortiq sun’iy yo‘ldoshlar bo‘ladi. Roskosmos rahbarining so‘zlariga ko‘ra, yer usti aloqa tarmoqlari bilan qamrab olinmagan barcha hududlarni aloqa bilan ta’minlash muhim.

Rossiyada Starlink’ning muqobilini yaratish loyihasi bilan “Byuro 1440” kompaniyasi ham shug‘ullanmoqda. Ushbu loyihaga 400 mlrd rubldan ortiq mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.

Ayni shu kompaniya samolyotlar bortidan keng polosali internet aloqasini ta’minlash maqsadida Rosaviatsiya bilan hamkorlik qilmoqda. Mazkur loyiha 2027−2028-yillarda amalga oshirilishi mumkin.


Avvalroq Emirates o‘z samolyotlarida Starlink bepul internetini ishga tushirishi haqida xabar berilgandi.

Birinchi samolyotlar shu oyda internetga ulanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Qolgan samolyotlar esa 2027-yilning o‘rtalarigacha zarur uskunalar bilan jihozlanadi.