O‘zbekistonga aviachiptalar narxini pasaytirish uchun loukosterlarni jalb qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 17-yanvar kuni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev elchilar va tadbirkorlar o‘rtasidagi ochiq muloqotda ma’lum qildi.
Turizm sohasidagi tadbirkor sayyohlik obyektlariga kirish chiptalarining qimmatligi haqida shikoyat qildi. Uning aytishicha, iqtisodiy ahvolning yomonlashuvi sababli kamayib ketgan Yevropalik sayyohlar Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivadagi 12−14 ta tarixiy joyni ko‘rish uchun $130−150 gacha sarf qilishmoqda.
Shu bois, ular qimmatligi tufayli ba’zi obyektlarga kirmay o‘tib ketishmoqda. Buning ustiga, sayyohlik xizmatlariga 12% qo‘shimcha qiymat solig‘ini ham to‘lashga to‘g‘ri kelmoqda.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobovning ta’kidlashicha, sayyohlar mehmonxonalarda yashash uchun ham kuniga $150−200 to‘laydi.
Shuningdek, tadbirkor turfirmalar uchun ham sayyohlik mavsumida, ham mavsumdan tashqari davrda aviachipta narxlariga chegirmalar joriy etishni taklif qildi.
U loukosterlar yo‘qligi sabab O‘zbekistonga parvozlar $700−900 ga tushayotganini, holbuki Gruziyaga, masalan, dam olish kunlari sayohat qilish atigi $50−100 bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev kirish chiptalari narxini pasaytirish taklifiga rozi bo‘lib, ularni “juda qimmat” deb atadi. U qimmat kirish chiptalari va aviachiptalar, shuningdek, QQSni qaytarish masalasini hukumat komissiyasi doirasida ko‘rib chiqishga va’da berdi.
“Biroz vaqt avval Wizz Air aviakompaniyasi juda yaxshi parvozlarni amalga oshirardi va $50−60 ga chipta taklif qilardi. Shu nuqtayi nazardan [loukosterlar sonini] ko‘paytirish zarur. Hozir O‘zbekistondagi turistik safar 3−4 kunni tashkil etadi, uni uzaytirish uchun esa mehmonxonalar va ko‘ngilochar maskanlar yaratish kerak. Agar biz Braziliya yoki [Shimoliy] Amerikadan sayyohni jalb qilmoqchi bo‘lsak, u 3 kunga kelmaydi, chunki yo‘lning o‘zi Turkiya orqali 1−2 kunni oladi”, — dedi u.
Amaldor elchilar va tadbirkorlarni 3−4 soatda O‘zbekistonga yetib kelishi mumkin bo‘lgan qo‘shni davlatlardan sayyohlarni jalb etishda faol (agressiv) siyosat yuritishga chaqirdi. Yanvar oxirigacha Turizm qo‘mitasiga festivallar o‘tkaziladigan sanalarni belgilash topshirildi.
Prezident farmoniga ko‘ra, 2030-yilgacha har yili mamlakatga keladigan xorijiy sayyohlar sonini 20 mln kishiga yetkazish rejalashtirilgan. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonga 11,7 mln sayyoh tashrif buyurgan bo‘lib, bu avvalgi yilga nisbatan 46,7$ ga o‘sishni tashkil etdi.
O‘tgan kuzda Wizz Air loukoster aviakompaniyasi Abu-Dabidan barcha reyslarni, jumladan Toshkentga bo‘lgan parvozlarni to‘xtatdi. Kompaniya qarorini operatsion muammolar va Yaqin Sharqdagi geosiyosiy beqarorlik bilan izohladi.
Avvalroq Silk Avia 1-fevraldan O‘zbekiston bo‘ylab aviachiptalar narxini oshirayotgani haqida xabar berilgandi. Narxlar o‘rtacha 7,37% ga qimmatlaydi. O‘zgarishlar 14 ta asosiy yo‘nalishga ta‘sir qiladi.
