O‘zbekiston AQSHda uchta yangi konsullik ochishni va aviaqatnovlarni kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 17-yanvar kuni AQSHdagi favqulodda va muxtor elchi Furqat Sidiqov elchilar va tadbirkorlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda ma’lum qildi.
Diplomat prezidentga 2026-yildan AQSH fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etilgani uchun minnatdorlik bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu O‘zbekiston turizm sohasi uchun katta imkoniyatlar ochadi.
“So‘nggi 30 yil davomida Vashingtonda elchixonamiz va Nyu-Yorkda bosh konsulligimiz faoliyat yuritib keldi. Prezident farmoniga muvofiq, Chikago, San-Fransisko va Vashington shtatlarida yana uchta qo‘shimcha konsullik ochamiz. Bu turistik salohiyatimizni oshirish imkonini beradi”, — deya ta’kidladi elchi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy Osiyoni AQSH bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi orqali bog‘laydigan mintaqadagi yagona davlatdir. Bundan tashqari, Florida yoki Kaliforniyaga qo‘shimcha reyslarni ochish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.
Furqat Sidiqov turoperatorlarni AQSh uchun moslashtirilgan sayyohlik paketlarini ishlab chiqishga chaqirdi. 2025-yilda O‘zbekistonga 40 ming amerikalik sayyoh tashrif buyurgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 60% ko‘p.
Shuningdek, elchi AQSHda doimiy yashovchi vatandoshlar uchun sayyohlik paketlarini taklif qildi. Xususan, ular farzandlarini O‘zbekistonga yuborib, Samarqand va Buxoroni ziyorat qilishlari mumkin. Boshqa takliflar orasida ta’lim va sport turizmini rivojlantirish ham bor.
“O‘tgan yili AQSHda turoperatorlarni jalb qilgan holda 40 dan ortiq sayyohlik tadbirlarini o‘tkazdik. Afsuski, turistik paketlar to‘liq ishlab chiqilmagan, taqdimotlar esa shablon xarakteriga ega,” — deya xulosa qildi Sidiqov va mablag‘larni O‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib qilishga yo‘naltirishga chaqirdi.
AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi Amerikaning National Geographic televizion tarmog‘i bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.
2025-yil noyabrida prezident Tashqi ishlar vazirligiga bir oy muddatda AQSH hududida — Filadelfiya, Chikago, Orlando va Sietlda qo‘shimcha konsulliklar ochish masalasini ishlab chiqishni topshirdi.
Qaror AQSHdagi muhim soha xablari bilan ishlovchi xodim va mutaxassislarni jalb etgan holda, shuningdek, yirik vatandoshlar diasporalari jamlangan hududlarni inobatga olgan holda qabul qilinishi belgilangan.
Avvalroq Spot o‘zbekistonliklar AQSHdagi mavsumiy ishlarga yuborilishi mumkinligi haqida yozgandi.
