London bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda hukumat rasmiy portalidagi bayonotda aytiladi.

“Hukumat bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi bo‘yicha maslahatlashuvlarni boshlaydi va yoshlarning farovonligini himoya qilish va internetda xavfsizroq bo‘lishini ta’minlash uchun maktablarda telefonlardan foydalanishni taqiqlaydi”, — deyiladi bayonotda.

Britaniya vazirlari Avstraliyaga borib, u yerdagi voyaga yetmaganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash tajribasi bilan tanishmoqchi. Shuningdek, Londonda maktablarda mobil telefonlardan foydalanish qoidalarini yanada qattiqroq qilishni xohlashmoqda.

Fan, innovatsiyalar va texnologiyalar vaziri Liz Kendallning ta’kidlashicha, amaldagi qonunlar hech qachon ushbu sohani tartibga solishda yakuniy qaror sifatida qabul qilinmagan.

“Aynan shu sababli men keyingi qadamlarni tashlashga tayyorman”, — deya izoh berdi u.

O‘tgan yili Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqladi.

Yevropa parlamenti esa ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun yosh cheklovlarini joriy etishni talab qilmoqda. Daniya 15 yoshga to‘lmagan shaxslar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi.

Avvalroq TikTok yaqin haftalar ichida butun Yevropa bo‘ylab yoshni aniqlashning yangi texnologiyasini joriy etishni boshlashi haqida xabar berilgandi.

Tekshiruv 13 yoshdan kichik bolalarga tegishli hisoblarni aniqroq aniqlash va o‘chirishni talab qilayotgan nazorat organlarining ta’siri bilan bog‘liq.

U profil ma’lumotlari, joylashtirilgan videolar va foydalanuvchi xatti-harakatlarini tahlil qilib, hisobning voyaga yetmagan shaxsga tegishli ekanligini bashorat qiladi.

TikTok vakillari ta’kidlashicha, ushbu texnologiya bilan aniqlangan hisoblar avtomatik ravishda to‘sib qo‘yilmaydi, balki mutaxassis moderatorlar tomonidan tekshiriladi.

Ushbu funksiyaning joriy etilishi Yevropa rasmiylarining platformalarda foydalanuvchilar yoshini qat’iy ma’lumotlarni himoya qilish qoidalariga muvofiq tekshirilishiga bo‘lgan jiddiy e’tibori fonida sodir bo‘lmoqda.