Energetika vazirligi O‘zbekistonda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari (AGTKSh) yopilganini tan oldi. Bu haqda vazirlik brifingidan ma’lum bo‘ldi.

19-yanvar kuni elektr stansiyalari jami 267,5 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqardi, bu rejadagidan 4% ga ko‘p. Iste’molchilarga 246,8 mln kVt·soat elektr energiyasi yetkazib berildi (rejadan 3% ortiq). Tabiiy gaz iste’moli 145 mln kub metrni tashkil etdi.

Metan yoqilg‘i quyish shoxobchalariga 1,3 mln kub metr tabiiy gaz yetkazildi. Ishlab chiqarilgan barcha 2300 tonna suyultirilgan gaz (rejadan % ortiq) aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga yetkazib berildi. Hududiy gaz quyish shoxobchalarida 8 ming tonna suyultirilgan gaz zaxirasi yaratildi.

“Mamlakatimizga sovuq havo harorati kirib kelishi va hafta oxiriga qadar yana harorat tushishini inobatga olib, gaz quvurlaridagi bosimni bir maromda ushlab borish maqsadida metan quyish shoxobchalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklov kiritildi. Ularning faoliyatini qayta tiklash bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berib boriladi. Aholi ehtiyojlarini ta’minlash maqsadida ijtimoiy soha obyektlari va jamoat transporti uchun gaz ta’minoti barqaror tarzda ishlashi ta’minlanadi. Hozirgi paytda ayrim hududlarda aholi xonadonlarida gaz bosimi pasayganligi sababli quvurlarda bosimni tiklash va uni me’yor darajasiga keltirish ishlari olib borilyapti”, — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari birja savdolariga chiqarilayotgan avtobenzin hajmi oshiriladi. Xususan, 19-yanvar kungi birja savdolariga 2,4 ming tonna suyultirilgan gaz chiqarildi, shundan 2,3 ming tonnasi sotildi.

Avtobenzin va dizel yonilg‘isi ham aholi va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojini qoplaydigan darajada yetkazib berilmoqda. Xususan, birja savdolariga jami 10,5 ming tonna avtobenzin va 16,1 ming tonna dizel yonilg‘isi chiqarilib, shundan 3,6 ming tonna benzin va 2,1 ming tonna dizel yonilg‘isi sotilgan.

O‘zbekneftgaz birja savdolariga chiqarilayotgan kunlik avtobenzin hajmini talabga qarab yetarli darajada oshiradi. Unga ko‘ra, birjaga qo‘yilayotgan kunlik 3700 tonna benzin hajmi talab va taklifdan kelib chiqib, 5 ming tonnaga yetkaziladi.

Dushanba kuni avariya brigadalari tomonidan elektr qurilmalaridagi 7 ta va gaz ta’minoti tizimidagi 1 ta nosozlik bartaraf etilib, ta’minot tiklandi.

Gaz quyish shoxobchalari faoliyatiga “vaqtinchalik cheklovlar” haroratning keskin pasayishi va gazga bo‘lgan talabning oshishi sababli 19-yanvardan 20-yanvarga o‘tar kechasi kiritildi. Energetika vazirligi an’anaviy ravishda uy-joylar, tibbiyot va ta’lim muassasalarini gaz bilan ta’minlashga ustuvor ahamiyat berilishini ta’kidladi.

Avvalroq Energetika vazirligi sovuq ob-havo sababli O‘zbekistonda “svet” va gaz ta’minotida uzilishlar bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergandi.

Energetika tizimi kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tkazilmoqda. Vazirlik ayrim hududlarda vaqtinchalik cheklovlar bo‘lishidan ogohlantirdi.