Sovuq havo oqimi natijasida metan “zapravka"larga kiritilayotgan qisqa muddatli cheklovlar sabab, birja savdolariga chiqarilayotgan avtobenzin hajmi oshiriladi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Vazirlikning qayd etishicha, benzin hajmini talabga qarab yetarli darajada oshirish uchun barcha hududlarda zarur miqdorda zaxiralar yaratilgan.
Shu bilan birga, iste’molchilarning benzinga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish masalasi davlat nazoratiga olinib, barcha zaruriy choralar ko‘rilgan.
“Shu o‘rinda xususiy avtozapravkalar egalaridan narxlarni sun’iy ravishda oshirmasliklarini, avtobenzinni sifat va miqdor jihatidan to‘g‘ri sotishlarini so‘raymiz. Nazorat tadbirlari kuchaytirilib, narxlarning asossiz ravishda oshirib yuborilishiga yo‘l qo‘yilmaydi”, — deyiladi xabarda.
O‘zbekneftgaz matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, shu kunga qadar birja savdolariga qo‘yilayotgan kunlik 3700 tonna benzin hajmi talab va taklifga qarab 5000 tonnagacha oshiriladi.
19-yanvar kuni O‘zbekneftgaz birja savdolariga jami 3 920 tonna avtobenzin joylashtirdi. Shundan 3730 tonnasi AI-92, 190 tonnasi esa AI-91 markali benzin hisoblanadi. Xaridorlar jami 3426 tonna yoqilg‘i sotib olgan.
Energetika vazirligi havo haroratining keskin pasayishi va tabiiy gazga talab oshgani fonida ayrim hududlarda AGTKSHlar faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritilganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, cheklovlar aholi hamda ijtimoiy soha obyektlarini barqaror gaz bilan ta’minlashga qaratilgan hamda vaziyat barqarorlashishi bilan bekor qilinadi.
Avvalroq Rossiya benzin va dizel eksportiga qo‘yilgan to‘liq taqiqni bahorgacha uzaytirgani haqida xabar berilgandi.
