19-yanvar kuni ichki ishlar organlarining migratsiya va personallashtirish sohasidagi faoliyatini raqamlashtirish orqali sifatini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori (PQ-14-son) qabul qilindi.

Hujjat bilan, 2026-yil 1-fevraldan boshlab jismoniy shaxslarga identifikatsiyalovchi ID-kartalar birinchi marotaba rasmiylashtirilganda uning chipiga kiritiladigan elektron raqamli imzo sertifikati bepul beriladi.

Shu bilan birga, fuqaroni “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilari identifikatsiyalash yagona axborot tizimida avtomatik tarzda bepul ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti jismoniy shaxslarning markaziy ma’lumotlar bazalarini shakllantirish va doimiy yangilab borish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi.

Ushbu ma’lumotlarga quyidagilar kiradi:

  • chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarining yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan manzili to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • ID-karta seriyasi, raqami, berilgan joyi hamda berilgan va tugash sanasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • O‘zbekiston fuqaroligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • O‘zbekiston fuqarolari, mamlakatda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmaganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • O‘zbekistonga taklif qilingan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmaganlar hamda ularning viza muddati uzaytirilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

2025-yilning 1-iyulidan MyGov ilovasida ayrim hujjatlarning elektron shakllari joriy etildi. Ularni banklar, notarial idoralar, ichki avia hamda temir yo‘l qatnovlarida, shuningdek, davlat va korporativ xizmatlardan foydalanishda qog‘oz shaklining o‘rniga taqdim etish mumkin.

1-noyabrdan Yagona portalda jismoniy shaxslarning tegishli maʼlumotlari ularning qog‘oz shakliga tenglashtirilib, MyGov orqali ko‘rsatilganda davlat organlari va tashkilotlar qog‘oz shaklini talab qilish taqiqlandi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda bolaga otaning ismini familiya sifatida berishga ruxsat berilishi mumkinligi haqida yozgandi.