Qonunchilik palatasi majlisida raqamli markirovkalash tizimi samaradorligi oshirilishi munosabati bilan Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Qonun loyihasi bilan “masofaviy soliq tekshiruvi” tushunchasiga aniqlik kiritilmoqda. Mazkur tekshiruvni o‘tkazish tartibini soddalashtirish, tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini ta‘minlash hamda budjet daromadlari barqarorligini mustahkamlash nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, markirovkalash qoidalari buzilgan holatlar bo‘yicha soliq to‘lovchining huzuriga bormasdan, masofaviy soliq tekshiruvini o‘tkazish tartibi joriy etilmoqda.

Shuningdek, huquqbuzarlik yuzasidan ikki marta ogohlantirish berilgandan so‘ng qaror qabul qilish jarayonlarini tezkor tashkil etish qonuniy asosda belgilanmoqda.

Shu bilan birga, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, ayrim shaxslar markerovkalash qoidalarini chetlab o‘tib, noqonuniy daromad olish maqsadida aholiga sifati past yoki qalbaki mahsulotlarni sotmoqda.

Xususan, bunday holatlar spirtli ichimliklar, tamaki mahsulotlari, dori vositalari, salqin ichimliklar va boshqa tovarlar savdosida uchramoqda.

Mazkur qonun loyihasi aynan shunday huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash, ularning oldini olish hamda insofli soliq to‘lovchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.

Deputatlar soliq nazoratida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, jumladan markerovkalash qoidalari buzilishi bo‘yicha masofaviy soliq tekshiruvini o‘tkazish tartibini belgilashni maʼqulladi.

Shuningdek, soliq to‘lovchining huzuriga bormasdan tekshiruv o‘tkazish va qaror qabul qilish jarayonlarini tezkor tashkil etish tadbirkorlikka ortiqcha aralashuvlarni kamaytirish vositasi sifatida ijobiy baholandi.

Deputatlar mazkur o‘zgartirishlar yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, halol soliq to‘lovchilar huquqlarini himoya qilish va byudjet daromadlari barqarorligini taʼminlashda muhim ekanini taʼkidladi.

Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

2025-yilning may oyida 2026-yildan markirovkalash qoidalarini buzganlik uchun jarimalar joriy etilishi belgilangandi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda 82 turdagi xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar importiga bojlar bekor qilingani haqida yozgandi.