Qonunchilik palatasida 20-yanvar kuni “Shaxsga doir ma‘lumotlar to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan o‘zgartishlar qabul qilinib, Senatga yuborildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati ma‘lum qildi.
Qonun loyihasi O‘zbekiston hududida majburiy ravishda saqlanishi lozim bo‘lgan shaxsiy ma‘lumotlar turlarini belgilashni maqsad qilgan. Shuningdek, u ayrim ma‘lumotlarni chet elda qayta ishlash va saqlash shartlarini, jumladan xavfsizlik me‘yorlari, xalqaro standartlar va vakolatli organlar talablariga rioya etilishini belgilab beradi.
“Majlisda ushbu o‘zgartirishlar orqali xalqaro to‘lov tizimlarini mamlakatimizga jalb qilish, investitsiya muhitini yana-da yaxshilash, raqamli xizmatlar bozorini kengaytirish hamda fuqarolar va sayyohlar uchun zamonaviy to‘lov imkoniyatlarini yaratishga xizmat qilishi qayd etildi”, — deyiladi palata xabarida.
Taʼkidlanishicha, O‘zbekistonda moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish, naqd pulsiz hisob-kitoblar ulushini oshirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Zamonaviy raqamli to‘lov tizimlarini joriy etish va xalqaro onlayn to‘lov kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish zarur.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, ko‘rib chiqish uchun Senatga yuborildi. Yuqori palata ma‘qullagandan keyin uni prezident imzolashi kerak bo‘ladi.
Shaxsga doir ma‘lumotlar
Prezident o‘tgan yilning noyabrida AQSHga tashrifi chog‘ida ushbu mamlakat kompaniyalari bilan raqamli platformalarni tartibga solish va shaxsiy ma‘lumotlarni himoya qilish bo‘yicha qonunchilik yangilanayotganini maʼlum qilgandi.
2024-yilning oktabr oyida hukumat Turizm qo‘mitasi, Markaziy bank va Raqamli texnologiyalar vazirligiga Alipay, Apple Pay, Google Pay, Paypal, UniPay xalqaro to‘lov xizmatlarini O‘zbekiston to‘lov tizimlari va xizmatlariga ulash bo‘yicha muzokaralar olib borishni topshirgandi. Shu bilan birga, milliy qonunchilik talablarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar kiritish belgilangandi.
Joriy yilning avgust oyida TBC Uzbekistan bosh direktori Nika Kurdiani Apple Pay va Google Pay bulutli xizmatlarni cheklovchi shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun tufayli O‘zbekiston bozoriga kira olmayotganini qayd etgandi. BILLZ bosh direktori Rustam Hamdamov esa mamlakatda ma’lumotlarni saqlash xarajatlari yuqoriligi va zamonaviy ma’lumotlar markazlari yetishmasligini ta’kidladi.
Bundan tashqari, MyTaxi va Express24 asoschisi Akmal Paizievning fikricha, bulutli xizmatlarning yo‘qligi hamda infratuzilma muammolari sababli iste’dodli startaplar qo‘shni davlatlarga chiqib ketmoqda, xorijiy kompaniyalar esa mamlakat bozorini chetlab o‘tmoqda.
Avvalroq zargarlik buyumlarining noqonuniy aylanmasini kamaytirishga qaratilgan qonun loyihasi maʼqullangandi.
