Markaziy bank va Raqobat qo‘mitasi narxlarni barqarorlashtirish va iste‘molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma‘lum qildi.
Hujjatda narxlar barqarorligini ta‘minlash va inflyatsiyani pasaytirish sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta‘kidlangan. Shuningdek, tovarlar va xizmatlar bozorlarida raqobat muhitini rivojlantirish har ikki tashkilot uchun ustuvor vazifalar qatoriga kiritildi.
Tomonlar inflyatsiyaga ta‘sir ko‘rsatuvchi bozor mexanizmlarini tahlil qilish, narxlarning asossiz oshirilishi va monopol holatdan foydalanib g‘irrom raqobat qilishga qarshi kurashish bo‘yicha ma‘lumot almashishni yo‘lga qo‘yadi. Tarmoqlar kesimida narx shakllanishining shaffofligini ta‘minlash bo‘yicha ishlar olib boriladi.
Shuningdek, Markaziy bank va Raqobat qo‘mitasi iste‘mol bozorlarida taklif omillarini o‘rganish va xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtiradi.
Hamkorlikning asosiy maqsadlaridan biri narxlar barqarorligini ta‘minlash va inflyatsiyani pasaytirish bo‘yicha institutsional sheriklikni mustahkamlash, sog‘lom raqobat muhitini yaratish bo‘ladi. Narxlarning shakllanishiga ta‘sir etuvchi monopol vaziyatlarni tezkor aniqlash uchun ma‘lumot almashishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Yana bir maqsad — bozorlardagi konsentratsiya darajasini, monopol va ustun mavqega ega bo‘lgan ishtirokchilarni o‘rganish bo‘yicha hamkorlik qilish. Bundan tashqari, qo‘mita va Markaziy bank moliyaviy xizmatlar iste‘molchilarini himoya qilish sohasidagi qonun loyihalari yuzasidan fikr almashadi.
Shavkat Mirziyoyev dekabr oyida oziq-ovqat narxlarini barqarorlashtirish uchun muntazam aralashuv tizimini joriy etish rejalashtirilayotganini ma‘lum qilgan edi. Prezident O‘zbekistonda oziq-ovqat zaxirasini yaratishga alohida e‘tibor qaratish zarurligini ta‘kidladi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda 2025-yil yakunida rasmiy inflyatsiya qanday bo‘lgani haqida yozgandi.
