Sunʼiy intellekt yordamida shaxsga doir maʼlumotlarga noqonuniy ishlov berganlik uchun javobgarlik belgilandi. Bu haqdagi tegishli qonun qabul qilindi.
Hujjat bilan “Axborotlashtirish to‘g‘risida"gi qonun ga bir qator qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Jumladan, sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanishning umumiy asoslari belgilandi. Ushbu sohadagi vakolatli davlat organining vakolatlari aniqlashtirildi.
Unga ko‘ra, sunʼiy intellekt — insonning bilim va ko‘nikmalariga taqlid qilish, mustaqil o‘rganish, yechimlarni izlash va aniq vazifalarni bajarishda inson aqliy faoliyati natijalari bilan taqqoslanadigan natijalarni olish imkonini beruvchi texnologik yechimlar majmui.
Insonning huquqi va erkinligiga aloqador bo‘lgan yuridik ahamiyatga ega qarorlarni qabul qilishda faqat sunʼiy intellektdan foydalanib yaratilgan texnologiyalar asosida ishlaydigan axborot tizimlari xulosalariga tayanish mumkin emas.
Sunʼiy intellektdan foydalanib shaxsga doir maʼlumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish yoki ularni OAV, telekommunikatsiya tarmoqlari yoki internetda tarqatish maʼmuriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Bunda huquqbuzarlik qurollari musodara qilinib, BHMning 50−100 baravarigacha, yaʼni 41,2 mln so‘mgacha jarima solinadi.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
2025-yilning noyabrida Senat sunʼiy intellektdan foydalanishni tartibga soluvchi qonunni maʼqullagandi. Hujjat SIdan foydalanish qoidalarini, maxsus vakolatli organning vazifalarini taʼminlash tartibini belgilaydi.
Avvalroq sun’iy intellekt eng ko‘p ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan kasblar ro‘yxati e’lon qilingandi.
