Yosh foydalanuvchilarni himoya qilish maqsadida ChatGPT endi foydalanuvchi yoshini aniqlaydi. Bu haqda TechCrunch nashri xabar berd i.
Sun’iy intellektning bolalar va o‘smirlarga ta’siri borasidagi xavotirlar kuchaygani sababli, OpenAI ChatGPT’ga voyaga yetmaganlarni aniqlash va ularning suhbat mazmuniga mos cheklovlar qo‘yishga xizmat qiluvchi “yoshni bashorat qilish” funksiyasini joriy etdi.
So‘nggi yillarda OpenAI ChatGPT’ning bolalarga salbiy ta’siri uchun keskin tanqid qilinmoqda. Ayrim o‘smirlar orasidagi o‘z joniga qasd qilish holatlari ushbu chat-bot bilan bog‘langan.
Shuningdek, kompaniya ChatGPT’ning yosh foydalanuvchilar bilan jinsiy mavzularni muhokama qilishiga yo‘l qo‘ygani uchun ham tanqid ostida qolgan. O‘tgan yil aprel oyida OpenAI 18 yoshga to‘lmaganlar uchun erotik kontent yaratishga imkon bergan xatoni bartaraf etgan edi.
Kompaniya voyaga yetmagan foydalanuvchilar muammosi ustida allaqachon bir muddatdan beri ishlab kelmoqda va “yoshni bashorat qilish” deb nomlangan yangi funksiya mavjud himoya choralarini to‘ldiradi.
OpenAI seshanba kuni o‘z blogida ma’lum qilishicha, ushbu yangi funksiya sun’iy intellekt algoritmiga asoslangan bo‘lib, u yosh foydalanuvchilarni aniqlash maqsadida akkauntlarni muayyan “xulq-atvor va foydalanuvchiga xos signallar” bo‘yicha baholaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bunday “signallar” qatoriga foydalanuvchi ko‘rsatgan yoshi, akkauntning qanchadan beri mavjudligi hamda akkaunt odatda qaysi vaqtlarda faol bo‘lishi kiradi.
OpenAI’da allaqachon 18 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar uchun jinsiy aloqa, zo‘ravonlik va boshqa potensial muammoli mavzular muhokamasini cheklashga mo‘ljallangan kontent filtrlari mavjud.
Agar yoshni bashorat qilish mexanizmi akkauntni 18 yoshga to‘lmagan shaxsga tegishli deb aniqlasa, ushbu filtrlarga avtomatik tarzda amal qilinadi.
Avvalroq Spot YouTube endi keng miqyosda foydalanuvchilardan yoshini tasdiqlashni talab qilayotgani haqida yozgandi.
Buning uchun pasport skani va selfi yuborish so‘ralmoqda. Bu talab MDH hududidagi akkauntlarga ham qo‘llanmoqda.
Yosh cheklovlari qo‘yilgan videolar ochilganda, yoshni tasdiqlash talabi haqida quyidagi ogohlantirish paydo bo‘ladi:
“Bu videoni ko‘rish uchun, iltimos, qo‘shimcha ma’lumot taqdim eting — biz sizning voyaga yetganligingizni tasdiqlashimiz kerak”.
YouTube yoshni tasdiqlash uchun shaxsni tasdiqlovchi hujjat — masalan, pasport yoki haydovchilik guvohnomasi — nusxasini yuborishni taklif qilmoqda.
Shuningdek, foydalanuvchidan selfi qilish so‘raladi — kompaniya bunda yoshni aniqlash uchun maxsus xizmat ko‘rsatuvchi tashqi kompaniyadan foydalanadi. Bundan tashqari, YouTube bank kartasi ma’lumotlari va elektron pochta manzilini kiritishni ham taklif qiladi.
