Avvalroq Adliya vazirligi va Markaziy bank tomonidan masofadan moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda axborot va kiberxavfsizlikni ta‘minlash hamda firibgarlikning oldini olish bo‘yicha minimal talablar to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.
Hujjatga ko‘ra, kredit va to‘lov tashkilotlari foydalanuvchilarni axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni ta‘minlash hamda frod holatlarining oldini olish bo‘yicha asosiy qoidalar bilan tanishtiradi.
Foydalanuvchilarga frodning asosiy turlari, eng ko‘p uchraydigan sxemalar hamda ulardan himoyalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar taqdim etiladi.
Kredit tashkilotlari frod holatlari to‘g‘risida foydalanuvchilar tezkor murojaat qilishlari uchun bank kartasining orqa tomonida 24/7 rejimda ishlovchi aloqa raqamini joylashtiradi.
Bank kartasi rasmiylashtirilganda yoki boshqa moliyaviy xizmatlar ko‘rsatilganda tuziladigan shartnomalar va ommaviy ofertalarda quyidagilar aniq belgilanishi shart:
- foydalanuvchiga firibgarlik belgilari aniqlanganligi to‘g‘risida maʼlumot berilishi;
- foydalanuvchi qurilmasi yo‘qolganini yoki unga begona shaxslar tomonidan nazorat o‘rnatilganini bilgan zahoti, kechiktirmasdan, ammo 1 kundan kech bo‘lmagan muddatda bank yoki to‘lov tashkilotini xabardor qilishi;
- foydalanuvchi o‘z roziligisiz amalga oshirilgan operatsiyani aniqlaganidan so‘ng 1 kun ichida bu haqda kredit yoki to‘lov tashkilotiga maʼlum qilishi.
Foydalanuvchi SMS-xabarnoma xizmatiga ulangan telefon raqamini o‘zgartirgan taqdirda kredit va to‘lov tashkiloti uning avvalgi telefon raqamiga xizmatning o‘chirilganligi va yangi telefon raqamiga xizmatning ulanganligi haqida SMS-xabarnoma orqali xabar beradi.
Kredit va to‘lov tashkilotining so‘roviga ko‘ra foydalanuvchi operatsiyani o‘zi mustaqil ravishda amalga oshirganligi yoki uchinchi shaxs bajarganligi haqidagi ma‘lumotlarni taqdim etishi lozim. Shuningdek, foydalanuvchi firibgarlik holatlari to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni ham taqdim etishi kerak.
Bank kartasini rasmiylashtirishda foydalanuvchiga karta maʼlumotlari, parollar va SMS orqali yuboriladigan bir martalik kodlarni boshqalarga bermaslik haqida tushuntirish beriladi.
Telefon raqami o‘zgartirilganda esa xizmat o‘chirilgani va yangisi ulangani haqida SMS orqali xabardor qilinadi.
Spot, avvalroq, onlayn mikroqarz berish tartibi o‘zgardi: bir kunda faqat 1 ta bankdan kredit olish mumkin bo‘lishi haqida yozgandi.
