Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Taqdimotda o‘tkir yurak qon-tomir va serebrovaskulyar kasalliklarning oldini olish va davolashni takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Rejaga ko‘ra, Stent for Life va Action Plan for Stroke xalqaro dasturlari asosida ishlab chiqilgan “Infarkt va insultga qarshi kurashish” milliy dasturi 2026-yil 1-maydan boshlab Samarqand viloyati va Toshkent shahrida, 1-oktabrdan Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida, 2027-yildan esa boshqa hududlarda amaliyotga joriy etiladi.
Milliy dastur doirasida 30 yoshdan oshgan aholi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazish hamda natijasiga ko‘ra aniqlangan xavf guruhiga mansub fuqarolarni maqsadli tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazish hamda bemorlarga shoshilinch tibbiy xizmat ko‘rsatish algoritmlari va klinik marshrutlarini amaliyotga joriy etish nazarda tutilgan.
Shuningdek, mazkur kasalliklarda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishda xalqaro standartlarga muvofiq “oltin soat” tamoyilining vaqt meʼyorlari joriy etiladi.
Taqdimotda tez tibbiy yordam xizmatining moddiy-texnik va raqamli imkoniyatlarini keskin oshirishga qaratilgan choralar ham keltirildi. Brigadalar telemetrik elektrokardiograf va monitorli defibrillyatorlar bilan taʼminlanadi. Shu jumladan, EKG natijalarini sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilish va axborot tizimi orqali yuborish, shuningdek, tez tibbiy yordam brigadalari va shifoxonalar o‘rtasida real vaqt rejimida maʼlumot almashish imkoniyati yaratiladi.
Statsionar tibbiyot muassasalarida insultni sunʼiy intellekt asosida tashxislash imkoniyati yaratilib, bemorlarning harakat marshruti raqamlashtiriladi. Shifoxonalar esa shoshilinch holatlarda jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish uchun tromb erituvchi dori vositalari hamda zarur sarflov materiallari bilan taʼminlanadi.
Shoshilinch statsionar tibbiy xizmat ko‘rsatishga nodavlat tibbiyot tashkilotlarini jalb qilish, o‘tkir yurak-qon tomir va bosh miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi holatlarida ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali moliyalashtiriladi.
Milliy dastur doirasida “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimida bemorlar hamda xavf guruhidagi aholining elektron reyestri yuritilishi taʼminlanadi.
Aholi o‘rtasida profilaktika va targ‘ibot ishlariga ham alohida urg‘u berildi. OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ijtimoiy roliklar, infografika, animatsiya va qisqa metrajli videoroliklar tarqatish, bozor va savdo markazlari yaqinida bilbord va bannerlar joylashtirish, taʼlim muassasalari, korxona va mahallalarda infarkt va insult alomatlarini barvaqt aniqlash bo‘yicha seminar-treninglar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Angels Initiative xalqaro tashabbusining FAST Heroes dasturi asosida maktab o‘quvchilari uchun maxsus mashg‘ulotlar tashkil etiladi. Har yili 29-sentabr — Butunjahon yurak kuni va 29-oktabr — Butunjahon insultga qarshi kurashish kuni munosabati bilan bepul qon bosimi, qand va xolesterin ko‘rsatkichlarini o‘lchash, aholining shoshilinch yordam ko‘rsatish bo‘yicha savodxonligini oshirishga qaratilgan ommaviy tadbirlar o‘tkaziladi.
Dasturni moliyalashtirishga 2026-yilda 239 mlrd so‘m, 2027-yildan boshlab 280 mlrd so‘m ajratilishi taʼkidlandi.
Avvalroq davlat tibbiy sug‘urtasida bepul statsionar yordam joriy etilishi 6 oyga kechiktirilgandi.
