Avvalroq prezident sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Taqdimotda respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazlar va klinikalar faoliyatini o‘rganish natijalari haqida axborot berildi.
Ishchi guruhlar 2025-yil sentabr-dekabr oylarida 37 ta respublika darajasidagi tibbiyot markazlari va klinikalar faoliyatini kompleks o‘rganib, qator tashkiliy va boshqaruv kamchiliklarini aniqlagan.
Ularni bartaraf etish uchun 27 ta banddan iborat chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan bo‘lib, u tibbiy xizmat sifatini oshirish, hududlar bilan ishlashni tizimli yo‘lga qo‘yish, boshqaruv tizimini takomillashtirish, kadrlar salohiyati va ilmiy-tadqiqot faoliyati, moliyaviy intizom va resurslardan samarali foydalanish yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishda xorijiy ekspertlarni jalb etish masalasi ham muhokama qilindi.
Jamoat salomatligi, sog‘liqni saqlashni rejalashtirish va milliy laboratoriya tizimini isloh qilish bo‘yicha texnik shartlar ishlab chiqilgan bo‘lib, mazkur chora-tadbirlarni amalga oshirishda 25 ta xalqaro va 19 ta mahalliy ekspertni jalb qilish taklif etildi.
Shuningdek, Respublika onkologiya markazi va uning hududiy filiallarini modernizatsiya qilish loyihasi taqdimot qilindi.
2021-yilda Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikda “O‘zbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)” loyihasi doirasida markazning yangi majmuasi va uning 13 ta filiali uchun jami $61 mlnlik 119 turdagi tibbiy uskunalar xarid qilingan. Yana $5,6 mln hisobiga qo‘shimcha 5 turdagi uskunalar xarid qilinishi nazarda tutilgan.
Bunga qo‘shimcha ravishda jalb qilinadigan $10 mln hisobidan markaz uchun 80 turdagi 1027 dona tibbiy jihozlar, shuningdek, radiofarmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan siklotron va radiosintez laboratoriyasini xarid qilish taklif etildi.
Shuningdek, davlat rahbariga farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish, aholini arzon va sifatli dori vositalari bilan taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berildi.
Bugungi kunda farmatsevtika tarmog‘ida $2,3 mlrdlik 156 ta loyiha amalga oshirilmoqda, 2025-yilda $362 mlnlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi hamda 2,4 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Tarmoq korxonalari tomonidan qiymati 7,3 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, dunyoning 55 ta davlatiga $220 mlnlik mahsulotlar eksport qilindi.
Dori vositalari sifatini taʼminlash va byurokratiyani qisqartirish choralari orqali tadbirkorlar ilk bor 130 turdagi import dori vositalarini transfer texnologiyasi asosida O‘zbekistonda ishlab chiqarishni boshladi.
Shuningdek, 2 ming nomdagi import dori vositalarining referent narxlari qayta belgilangani hisobiga dorilarning ulgurji narxlari 40−60%ga pasaytirildi.
Taqdimotda import o‘rnini bosuvchi mahalliy dori vositalarining sifatini oshirish hamda ommabopligini taʼminlash, buning uchun investorlarga zarur shart-sharoitlar yaratish, ishlab chiqarish va laboratoriya quvvatlarini oshirish hamda shaffof sifat nazorati tizimini yo‘lga qo‘yish zarurligi taʼkidlandi.
Prezident takliflarni maʼqullab, tegishli qarorlarni imzoladi. Mutasaddilarga belgilangan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, muhokama qilingan yo‘nalishlarda aniq natijalarga erishish topshirildi.
Avvalroq O‘zbekistonda “Qon mahsulotlari elektron hisobini yuritish” axborot tizimi joriy qilinishi haqida xabar berilgandi.
