Avvalroq Adliya vazirligi va Markaziy bank tomonidan masofadan moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash hamda firibgarlikning oldini olish bo‘yicha minimal talablar to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.
Nizomga ko‘ra, onlayn kredit (mikroqarz) olish uchun ariza berilganda, kredit tashkiloti dastlab foydalanuvchi ma’lumotlarini kredit byurolari yuritadigan Kredit bitimini tuzish taqiqlangan shaxslar reyestrida tekshiradi.
Agar ma’lumotlar reyestrda mavjud bo‘lsa, onlayn kredit berish to‘xtatiladi va arizaning rad etilishi sabablari ko‘rsatilgan holda foydalanuvchiga SMS-xabarnoma yuboriladi. Reyestrda ma’lumotlar aniqlanmagan taqdirda esa kredit ajratish jarayoni davom ettiriladi.
Shuningdek, kredit tashkiloti foydalanuvchining qarz yuki va to‘lov qobiliyatini baholash uchun kredit byurolariga so‘rov yuboradi. Unda ariza vaqti, foydalanuvchining roziligi, JSHSHIR, kredit summasi, muddati, foiz stavkasi, turi va valyutasi, shuningdek, kredit tarixini o‘rganish maqsadiga oid ma’lumotlar aks ettiriladi.
Agar bir JSHSHIR bo‘yicha bir vaqtning o‘zida bir nechta kredit tashkiloti so‘rov yuborsa, kredit byurosi faqat birinchi yuborilgan so‘rovga javob beradi.
Birinchi so‘rov yuborgan tashkilot kredit ajratilmasligini bildirsa, keyingi so‘rovlarga javob beriladi. Agar kredit rasmiylashtirilgani ma’lum qilinsa, mazkur JSHSHIR bo‘yicha 24 soat davomida boshqa kredit tashkilotlaridan so‘rovlar qabul qilinmaydi.
Olingan ma’lumotlar asosida kredit tashkiloti ichki qoidalariga muvofiq kredit ajratish yoki rad etish bo‘yicha qaror qabul qiladi. Ijobiy qaror qabul qilinganda foydalanuvchiga mavjud qarzdorliklari va yangi kreditning to‘liq qiymati ko‘rsatilgan PUSH-xabar va SMS yuboriladi. Foydalanuvchi kreditni rasmiylashtirishni davom ettirishi yoki arizasini bekor qilishi mumkin bo‘ladi.
Pul mablag‘lari o‘tkazilishidan oldin masofaviy biometrik identifikatsiya o‘tkaziladi. Onlayn kredit rasmiylashtirilgan yoki rad etilgani haqidagi ma’lumotlar real vaqt rejimida kredit byurolariga uzatiladi.
Bundan tashqari, kredit va to‘lov tashkilotlari frod holatlarining oldini olish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rishi, shuningdek mobil ilovalarda alohida “Firibgarlik haqida xabar berish” bo‘limini joriy etishi shart.
Unda quyidagi ma’lumotlarni kiritish imkoni yaratiladi:
- foydalanuvchining ism-sharifi;
- pasport yoki ID-karta raqami va seriyasi;
- tug‘ilgan kuni;
- akkauntda ro‘yxatdan o‘tgan telefon raqami;
- firibgarlik tavsifi;
- yo‘qotilgan pul mablag‘ining miqdori;
- holat sodir etilgan vaqt.
Hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank 2025-yilning oktabrida kredit tashkilotlariga onlayn mikroqarz rasmiylashtirishda yangi talablar belgilanishi bo‘yicha qaror loyihasini muhokamaga qo‘ygandi.
Avvalroq Markaziy bank 10 ta bank va 1 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortgandi.
