Avvalroq Adliya vazirligi va Markaziy bank tomonidan masofadan moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash hamda firibgarlikning oldini olish bo‘yicha minimal talablar to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan banklar va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalariga kirish talablari qat’iylashtirildi.
Unga ko‘ra, mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchi akkauntiga faqat o‘ziga yoki yaqin qarindoshlariga tegishli bank hisobvarag‘i, plastik karta va elektron hamyonlarni biriktirishi mumkin. P2P o‘tkazmalari ham shu akkaunt orqali amalga oshiriladi.
Ro‘yxatdan o‘tishda foydalanuvchining telefon raqami va JSHSHIRi mosligi tekshiriladi. Moslik aniqlanmasa, ilovada hisob ochish va karta biriktirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kredit va to‘lov tashkilotlari foydalanuvchilarni biometrik identifikatsiyadan o‘tkazishda hayotiylik faktorlarini aniqlashi shart, bunda rasm orqali identifikatsiya qilish mumkin bo‘lmaydi.
SMS orqali yuborilgan bir martalik kod 3 marotaba noto‘g‘ri kiritilsa, foydalanuvchining ilovadagi harakatlari 15 daqiqa davomida vaqtincha cheklanadi.
Akkauntga boshqa qurilmadan kirish yoki parolini qayta tiklashda ushbu akkauntga bog‘langan barcha kartalar avtomatik tarzda ilovadan chiqariladi.
Shuningdek, qurilmada kartalar bo‘yicha moliyaviy operatsiyalar tarixi o‘chirib yuboriladi. Ularni esa biometrik identifikatsiyadan o‘tgandan keyin biriktirish mumkin bo‘ladi.
Avvalroq bank karta ochish va sim-karta olishni onlayn amalga oshirish mumkin bo‘lishi haqida xabar berilgandi.
