Endi pensiyani onlayn ravishda naqd shaklga o‘tkazish mumkin. Bu haqda Yagona portal matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, Pensiya jamg‘armasi bilan birga yangi xizmat ishga tushirildi.

Buning uchun my.gov.uz portaliga kirib, “Pensiya to‘lovini naqd pul shakliga o‘tkazish” xizmatini tanlash lozim.

Kerakli maʼlumotlar to‘ldirilgach, ariza yuboriladi. Ariza topshirish bepul.

Xizmatdan foydalanish uchun hech qanday hujjat talab etilmaydi hamda xizmat avtomatik tarzda ko‘rsatiladi.

2025-yil may oyida prezident “Fuqarolarning davlat pensiya ta‘minoti to‘g‘risida"gi qonunga pensiyalarni proaktiv shaklda (Pensiya jamg‘armasi yoki davlat xizmatlari markaziga murojaat qilmasdan) tayinlashga o‘tishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlarni tasdiqladi. Erkaklar 60 yoshdan, ayollar 55 yoshdan keyin avtomatik ravishda to‘lov oladi.

Fuqaroning yoshga doir pensiya olish huquqi belgilangan axborot tizimlaridan olingan ma‘lumotlar asosida aniqlanadi. Proaktiv shaklda pensiya tayinlash fuqaro pensiya yoshiga yetgan kuni ko‘rib chiqiladi.

Oktyabr oyidan boshlab naqd pul shaklidagi pensiyalar oluvchilar biometrik identifikatsiya qilinganidan (Face-ID) va elektron imzo qo‘yilganidan keyin beriladi. Pensiya jamg‘armasi yangi tizim pensiyalarni to‘liq va o‘z vaqtida yetkazib berishni ta‘minlashini ma‘lum qildi.

“Endilikda Xalq banki tomonidan to‘lov jarayonida hisobotlarda „to‘langan“ deb ko‘rsatilib, amalda fuqaroga pensiya to‘lamaslik yoki boshqa shaxslarga to‘lash holatlariga yo‘l qo‘yilmaydi”, — deyiladi xabarda.

Pensiya jamg‘armasi ijrochi direktori Murodbek Atadjanov sentyabr oyida pensiyalarni oldindan hisoblash dasturi ishga tushirilishini e‘lon qilgan edi. “Mening pensiyam” tizimi 2026-yil bahoridan ishlashi kerak.

JSHSHIR kiritilgandan va identifikatsiya qilingandan so‘ng fuqarolar ish haqi, mehnat staji, o‘qish davri va boshqa ma‘lumotlarni bilib olishlari mumkin bo‘ladi, ular asosida bo‘lajak pensiya hisoblab chiqariladi. Shuningdek, dastur foydalanuvchining yoshga doir pensiyaga chiqish uchun yetarli ish staji bor-yo‘qligini aniqlash imkonini beradi.

Avvalroq O‘zbekistonda ish haqi, pensiya va nafaqalar 2030-yilgacha inflyatsiyadan yuqori oshirilishi haqida xabar berilgandi.