Avvalroq Spot deputatlar Apple Pay va Google Pay kabi xalqaro to‘lov xizmatlari O‘zbekistonga kirishi uchun “Shaxsga doir ma‘lumotlar to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarni uch o‘qishda qabul qilib, Senatga yuborgani haqida yozgandi.
Qonun loyihasi O‘zbekiston hududida majburiy ravishda saqlanishi lozim bo‘lgan shaxsiy ma‘lumotlar turlarini, ayrim ma‘lumotlarni chet elda qayta ishlash va saqlash shartlarini, jumladan xavfsizlik me‘yorlari, xalqaro standartlar va vakolatli organlar talablariga rioya etilishini belgilab beradi.
Majlisda Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Tergov departamenti rahbari Ramazon Ashropov so‘zga chiqib, amaldagi qonun talablari xalqaro kompaniyalar bilan ishlashish imkonini bermayotganini qayd etdi.
Uning ta’kidlashicha, mamlakatda xalqaro to‘lov tizimlari bilan bog‘liq yo‘nalishda innovatsion moliyaviy xizmat turlarini rivojlantirish, QR-kodli to‘lovlarni kengaytirish hamda ularni mahalliy bank tizimi bilan integratsiyalash ishlari olib borilmoqda.
O‘zbekistonning vakolatli tashkilotlari, jumladan, Markaziy bank, Tashqi ishlar vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan bir qator xalqaro to‘lov kompaniyalari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda ularning mamlakat hududida faoliyat yuritishi uchun “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida"gi qonunda belgilangan ayrim talablarni qayta ko‘rib chiqish takliflari bildirilgan.
Xususan, xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi investitsiya muhiti yuzasidan 2025-yilgi bayonotida qonun bilan O‘zbekiston fuqarolariga oid barcha ma’lumotlarning mamlakat hududida yig‘ilishi, qayta ishlanishi va saqlanishi belgilanganligi bevosita xalqaro onlayn to‘lov kompaniyalari bilan ishlashni cheklayotgani, ular faoliyatiga ta’sir qilayotgani ko‘rsatilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, onlayn va kontaktsiz xarid xizmatini taqdim etuvchi Google Pay tizimi 97 ta davlatda faoliyat yuritib, 150 mlndan ortiq foydalanuvchiga ega. Ushbu tizim qo‘shni Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistonda ham joriy etilgan.
Ramazon Ashropov milliy qonunchilikda fuqarolarning familiyasi, ismi, bank kartasi rekvizitlari, yashash manzili va boshqa shaxsga doir ma’lumotlarini xalqaro to‘lov tizimlariga taqdim etish hamda ularni O‘zbekiston hududidan tashqarida joylashgan serverlarda saqlashga yo‘l qo‘yilmasligi belgilanganini qayd etdi.
“Mazkur cheklovlar sababli xalqaro to‘lov tizimlari hamda moliyaviy texnologiyalarning O‘zbekiston bozorida elektron tijorat va raqamli iqtisodiyot rivojlanishiga, ya’ni milliy bozorga qo‘shimcha daromadlar kirishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Yana bir muhim jihati, o‘zini o‘zi band qilgan axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalari, dasturiy mahsulotlarni yaratish va joriy etish bilan bog‘liq loyihalar uchun to‘lovlarni aylanma yo‘llar bilan amalga oshirish orqali yashirin iqtisodiyotga yo‘l ochib bermoqda”, — dedi u.
Shundan kelib chiqib, naqdsiz to‘lovlarning rivojlanayotgani hamda xorijiy turistlarga qulayliklar yaratish maqsadida qonunga quyidagi o‘zgartirishlarni kiritish taklif etilmoqda:
- Birinchidan, O‘zbekiston hududida saqlanishi talab etiladigan shaxsga doir ma’lumotlarning aniq ro‘yxati belgilanmoqda. Bular biometrik, genetik hamda telekommunikatsiya operatorlari xizmatlaridan foydalanuvchi jismoniy shaxslarga oid ma’lumotlardir.
- Ikkinchidan, boshqa turdagi shaxsga doir ma’lumotlarni chet elga uzatish, qayta ishlash va saqlash uchun aniq talablar ishlab chiqilishi nazarda tutilmoqda. Xorijiy mamlakatlarda ushbu ma’lumotlar xavfsizligini yetarli darajada ta’minlash, vakolatli organlar talablariga rioya etish hamda xalqaro standartlarni joriy etish.
- Uchinchidan, Vazirlar Mahkamasiga shaxsga doir ma’lumotlarning xavfsizligini ta’minlaydigan davlatlar ro‘yxatini tasdiqlash vakolati berilmoqda. Qonun qabul qilingach, hukumatning tegishli qarori qabul qilinadi.
Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari qonun loyihasining qabul qilinishi elektron tijorat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun huquqiy bazani takomillashtirishi hamda aholi va tadbirkorlarga xalqaro internet platformalaridan foydalanishda qulay sharoit yaratishini ta’kidladi.
Shaxsga doir ma‘lumotlar
Prezident o‘tgan yilning noyabrida AQSHga tashrifi chog‘ida ushbu mamlakat kompaniyalari bilan raqamli platformalarni tartibga solish va shaxsiy ma‘lumotlarni himoya qilish bo‘yicha qonunchilik yangilanayotganini maʼlum qilgandi.
2024-yilning oktabr oyida hukumat Turizm qo‘mitasi, Markaziy bank va Raqamli texnologiyalar vazirligiga Alipay, Apple Pay, Google Pay, Paypal, UniPay xalqaro to‘lov xizmatlarini O‘zbekiston to‘lov tizimlari va xizmatlariga ulash bo‘yicha muzokaralar olib borishni topshirgandi. Shu bilan birga, milliy qonunchilik talablarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar kiritish belgilangandi.
Joriy yilning avgust oyida TBC Uzbekistan bosh direktori Nika Kurdiani Apple Pay va Google Pay bulutli xizmatlarni cheklovchi shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun tufayli O‘zbekiston bozoriga kira olmayotganini qayd etgandi. BILLZ bosh direktori Rustam Hamdamov esa mamlakatda ma’lumotlarni saqlash xarajatlari yuqoriligi va zamonaviy ma’lumotlar markazlari yetishmasligini ta’kidladi.
Bundan tashqari, MyTaxi va Express24 asoschisi Akmal Paizievning fikricha, bulutli xizmatlarning yo‘qligi hamda infratuzilma muammolari sababli iste’dodli startaplar qo‘shni davlatlarga chiqib ketmoqda, xorijiy kompaniyalar esa mamlakat bozorini chetlab o‘tmoqda.
Avvalroq bank va to‘lov tashkilotlariga firibgarlikning oldini olish bo‘yicha yangi talablar yuklatilgani haqida xabar berilgandi.

