20-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev raqamli texnologiyalarni rivojlantirish sohasida erishilgan natijalar hamda 2026-yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Xorijiy ekspertlarning tahlillariga ko‘ra, 2024−2025-yillarda O‘zbekistondagi startap va venchur ekotizimining umumiy qiymati $3,9 mlrdga yetdi. Mahalliy startaplarning soni 750 tadan oshdi. Hozirgi kunda 15 ta venchur fond faoliyat yuritmoqda, venchur kapital hajmi esa $180 mlndan oshdi.
O‘zbekiston dunyodagi ikkinchi eng tez o‘sayotgan va Markaziy Osiyodagi eng tez rivojlanayotgan startap ekotizimi deb e’tirof etilayotgani qayd etildi.
Taqdimotda 2030-yilga qadar startaplarning sonini 5 mingtaga, eksport bozorlariga chiqqan startaplarning sonini 200 taga yetkazish, venchur investitsiyalarning hajmini $2 mlrdga olib chiqish maqsad qilingani ta’kidlandi.
Buning uchun xalqaro tajriba asosida startaplarni qo‘llab-quvvatlashning to‘rt bosqichli tizimi joriy etilmoqda.
G‘oya, ishlab chiqish, ishga tushirish va masshtablashtirish bosqichlarida grantlar, soliq imtiyozlari, qo‘shma moliyalashtirish, eksport xarajatlarini qoplash uchun moliyaviy resurslar yo‘naltiriladi.
2025-yilning sentabr oyida prezident moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimotida startaplar akseleratsiyasi, yangi g‘oyalar va investitsiyalarga sharoit yaratish uchun innovatsion xab tashkil qilish taklifini maʼqullagandi.
Markaziy bank huzurida ustav jamg‘armasi $50 mlnlik venchur fondi hamda moliyaviy texnologiyalar sohasidagi startaplar uchun innovatsion xab tashkil etiladi. Ishtirokchilarga moliyaviy texnologiyalar bo‘yicha kurslarda o‘qish va sertifikat olish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.
Avvalroq Qonunchilik palatasida “Shaxsga doir ma‘lumotlar to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan o‘zgartishlar qabul qilinib, Senatga yuborilgani haqida xabar berilgandi.
