Avvalroq prezident raqamli texnologiyalarni rivojlantirish sohasida erishilgan natijalar hamda 2026-yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekiston24 telekanaliga bergan intervyusida 2030-yilgacha startap ekotizimini rivojlantirish rejalari haqida so‘zladi.

2030-yilgacha bo‘lgan asosiy maqsadlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • startaplar sonini hozirgi 750 tadan 5000 taga yetkazish;
  • kamida 20 mingta ish o‘rni yaratish;
  • qiymati $1 mlndan ortiq bo‘lgan 500 ta startap paydo bo‘lishi;
  • qiymati $10 mlndan ortiq bo‘lgan 100 ta startap paydo bo‘lishi;
  • qiymati $100 mlndan ortiq bo‘lgan 25 ta startap paydo bo‘lishi.

Taqdimotda davlat rahbariga startaplarni dastlabki bosqichda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha xalqaro tajriba haqida ma‘lumot berildi. Tahlil AQSH, Singapur, Janubiy Koreya va Buyuk Britaniya amaliyotini qamrab oldi.

Boshqa tashabbuslar qatorida quyidagilar ko‘rib chiqildi:

  • g‘oya bosqichida $20 minggacha grant qo‘llab-quvvatlash dasturlari (Janubiy Koreya);
  • ish haqi bo‘yicha soliq imtiyozlari (AQSH);
  • 1+1 tamoyili asosida tadqiqotlar va ishlanmalarni (R&D) birgalikda moliyalashtirish (Janubiy Koreya);
  • davlat tashkilotlarida yechimlarni sinovdan o‘tkazish uchun $200 minggacha mablag‘ ajratish (Buyuk Britaniya);
  • akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish uchun $50 minggacha bo‘lgan xarajatlarni qoplash (AQSH);
  • tashqi bozorlarga chiqishda ko‘lamni kengaytirishni qo‘llab-quvvatlash choralari (AQSH, Singapur).

raqamli texnologiyalar vazirligi, sherzod shermatov, startaplar

Xorijiy ekspertlarning tadqiqotlariga ko‘ra, 2024−2025-yillarda O‘zbekiston startap va venchur ekotizimining umumiy qiymati $3,9 mlrdga yetgan. Mahalliy startaplar soni 750 dan oshgan. Hozirda 15 ta venchur fondi faoliyat yuritmoqda, venchur kapitali hajmi $180 mlndan oshib ketgan. O‘zbekiston dunyodagi ikkinchi eng tez rivojlanayotgan startap ekotizimi va Markaziy Osiyoda o‘sish sur‘atlari bo‘yicha yetakchi sifatida tan olinmoqda.

Taqdimotda ta‘kidlanganidek, 2030-yilgacha startaplar sonini 5 mingtaga, tashqi bozorga chiqqan startaplar sonini 200 taga yetkazish, venchur investitsiyalar hajmini $2 mlrdga yetkazish rejalashtirilgan.

Avvalroq Markaziy bank huzurida ustav fondi $50 mlnlik venchur fond tashkil etilishi haqida yozgandi.