Avvalroq 20-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev raqamli texnologiyalarni rivojlantirish sohasida erishilgan natijalar hamda 2026-yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berildi.
Taqdimotda elektron davlat xizmatlarini yanada rivojlantirish rejalari ko‘rib chiqildi. Raqamli xizmatlar sonini 900 tagacha yetkazish, MyGov.uz mobil ilovasining funksionalini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Xususan, 50 tadan ortiq xizmatlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, Aholining yagona reyestrini ishlab chiqish, tadbirkorlik subyektini ochish, yakka tartibdagi tadbirkorlik xodimlarini hisobga qo‘yish, bank plastik kartasini ochish, sim-karta olish, sug‘urta va reklama xizmatlarini raqamlashtirish rejalashtirilgan.
Taqdimotda sun’iy intellekt texnologiyalari uchun infratuzilma yaratish ishlarining borishi haqida axborot berildi.
Hozirgi kunda kichik super kompyuter ishga tushirildi, katta super kompyuterni xarid qilish va ishga tushirish ishlari faol bosqichda borayotgani qayd etildi.


Loyiha natijasida 15 ta oliy ta’lim muassasasida sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladi, sohadagi mutaxassislarning salohiyati oshadi hamda mahalliy SI yechimlarini yaratish va joriy etish imkoniyatlari yaratiladi.
O‘zbekiston hududlarida data-markazlar tarmog‘ini kengaytirish, ma’lumotlar xavfsizligi va uzluksizligini ta’minlash zarurligi qayd etildi.
Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi. Bu borada barqaror o‘sishga erishilayotgani, internet tezligi va qamrovi yildan-yilga oshib, mobil aloqa xizmatlarining sifati yaxshilangani ta’kidlandi.
2026-yilda 5G texnologiyalarini joriy etish va aholi punktlarini yuqori tezlikdagi internet bilan qamrab olishni davom ettirish, shuningdek, sun’iy yo‘ldosh aloqasidan foydalanishni kengaytirish rejalashtirilgan.
Prezident raqamli texnologiyalar iqtisodiyot tarmoqlari raqobatbardoshligini oshirish, davlat boshqaruvini yaxshilash va aholi hayoti sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlab, belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Avvalroq Spot 18 yoshgacha bo‘lganlarga mobil ilovalarda kartadan foydalanishga ruxsat berilishi haqida yozgandi.


