Avvalroq prezident sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda 2026−2030-yillarda qon bilan ishlash xizmatini yana-da takomillashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Qon mahsulotlariga talab ortib borayotgani inobatga olinib, xizmat imkoniyatlarini kengaytirish va davolash muassasalarining qon hamda qon mahsulotlariga ehtiyojini to‘liq taʼminlashga qaratilgan maqsadli chora-tadbirlari ishlab chiqilgan.

Jumladan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida har ming nafar aholiga qon topshirishlarning (donatsiyalar) sonini 10 tadan 30 tagacha oshirish, jami donatsiyalarning sonini 1 mlntgacha ko‘paytirish orqali tayyorlanadigan qon zaxirasini 150 ming litrdan 450 ming litrga yetkazish, beg‘araz qon donorlarining sonini 300 ming nafardan 900 ming nafarga yetkazish maqsad qilingan.

Yetakchi xalqaro tajriba asosida qon va uning tarkibiy qismlari xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan standart operatsion jarayonlar, xavfsizlik bayonnomalari hamda zamonaviy skrining usullari joriy etiladi.

Shu bilan birga, qon xizmati tizimi xodimlarining kasbiy bilim va ko‘nikmalari oshiriladi, moddiy-texnik bazasi mustahkamlanadi hamda beg‘araz donorlik harakati qo‘llab-quvvatlanadi.

Qon bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish uchun “ehtiyoj — qayta ishlash — yetkazish” zanjirida jarayonlarni boshqarish tizimi joriy etiladi.

Raqamli platforma doirasida “Qon mahsulotlari elektron hisobini yuritish” axborot tizimi joriy qilinib, qon va uning tarkibiy qismlari harakatini nazorat qilish, shoshilinch tibbiy yordam bilan integratsiyalangan holda buyurtma berish, muassasalarning zaxirasini onlayn monitoring qilish imkoniyati yaratiladi.

Qon bilan ishlash xizmatini moliyalashtirish uchun 2026-yilda 308 mlrd so‘m, 2026−2030-yillarda esa sohani takomillashtirishga jami 1,75 trln so‘m nazarda tutilgani qayd etildi.

Avvalroq Qatar o‘zbekistonlik jarrohlarga oltin viza taqdim etishi haqida xabar berilgandi.