Google Gemini asosida matn yozish uchun “repetitor"ni taqdim etdi. Bu haqda vc.ru nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, sun’iy intellekt yordamchisi mavzular taklif qiladi, yozilgan insholarni tekshiradi va tuzatishlar kiritadi.

Google Amerika notijorat onlayn maktabi Khan Academy bilan hamkorlikda Writing Coach vositasini ishga tushirdi.

Unda “ishontirish elementlari mavjud bo‘lgan esse”, bayon va matnlarning adabiy tahlili kabi topshiriqlar bor. Foydalanuvchilar faqat fikr-mulohaza olish rejimini yoki Gemini bilan suhbatlashish orqali interaktiv rejimni tanlashlari mumkin.

Hozircha 7−12 sinflar uchun ingliz tili darajasi hamda 5−6 sinflar uchun beta-versiya (AQSh o‘quv dasturi asosida) mavjud. Kompaniyaning ta’kidlashicha, Gemini har bir o‘quvchining qobiliyatiga moslashib, shaxsiy tavsiyalar beradi.

Platformada ro‘yxatdan o‘tish bepul. Foydalanishdan oldin Writing Coach ingliz tili darajasi bo‘yicha test topshirishni taklif qiladi.

Avvalroq Spot Apple yangi Siri versiyasida Google Gemini xizmatidan foydalanishi haqida yozgandi.

Gemini neyron tarmoqlari va bulutli texnologiyalari Apple AI funksiyalari uchun ishlatiladi.

Kelishuv Apple Intelligence tizimining rivojlanishini ta’minlash va Siri shaxsiy yordamchisining imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida tuzilgan.

Bloomberg agentligi noyabr oyida Kupertino kompaniyasi Gemini’dan foydalanish uchun yiliga $1 mlrd to‘lashi haqida xabar bergan edi.