O‘zbekiston 2025-yilda rekord miqdorda oltin sotdi, deyiladi Milliy statistika qo‘mitasi hisobotida.
Dekabrda O‘zbekiston oltin eksportini butunlay to‘xtatdi. Bu o‘tgan yilda Markaziy bank qimmatbaho metallni sotmagan beshinchi oy bo‘ldi — yanvar, iyun, oktabr, noyabr va dekabr oylarida oltin eksport qilinmadi.
Qolgan oylarda yetkazib berish hajmi quyidagicha bo‘lgan: fevralda — $1,73 mlrd, martda — $1,84 mlrd, aprelda — $1,91 mlrd, mayda — $1,01 mlrd, iyulda — $1,09 mlrd, avgustda — $836 mln, sentabrda — $1,47 mlrdni tashkil etdi.
Yanvar-dekabr oylari yakunlariga ko‘ra, qimmatbaho metallar yetkazib berish hajmi $9,9 mlrddan oshdi — bu 2024-yilga nisbatan 32,3% ga ko‘pdir. Oltin umumiy eksportning 29,2% dan ortig‘ini, shuningdek, tovar eksportining 37,8% ini tashkil etadi.
O‘tgan yili qimmatbaho metallar eksporti 2023-yilda o‘rnatilgan tarixiy maksimal ko‘rsatkichdan ($8,15 mlrd) sezilarli darajada oshdi.
Oltin-valyuta zaxiralari dekabr oyida yana bir tarixiy rekord o‘rnatdi. Ularning hajmi $66,31 mlrdga yetdi — bu bir oy oldingiga nisbatan $5,07 mlrdga ko‘p. Markaziy bank omborlaridagi oltin qiymati $4,2 mlrdga oshib, birinchi marta $55,09 mlrdni tashkil etdi. Bu zaxiralarning fizik hajmini 12,3 mln troya unsiyasidan 12,6 mln troya unsiyasigacha (391,9 tonna) oshirish hisobiga sodir bo‘ldi.
2025-yilda NKMK 135,6 trln so‘mlik ($11,3 mlrd) mahsulot ishlab chiqardi — bu o‘tgan yilga nisbatan 44,7% ga ko‘pdir. Oltin ishlab chiqarish hajmi 3,15 mln troya unsiyasini tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 2,1% ga ko‘pdir.
Avvalroq 5 grammlik oltin quyma narxi ilk bor 9,7 mln so‘mga yetgani haqida xabar berilgandi.
