Avvalroq prezidentning ichki ishlar organlarining migratsiya va personallashtirish sohasidagi faoliyatini raqamlashtirish orqali sifatini yaxshilash to‘g‘risidagi qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
2026-yil 1-maydan eksperiment tariqasida Toshkent, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan Aqlli migratsiya shoxobchalari tashkil etiladi.
Ushbu shoxobchalar orqali bir qator xizmatlar ko‘rsatiladi, jumladan shoxobchada rasmiylashtiriladigan xizmatlar:
- O‘zbekiston fuqarosiga identifikatsiyalovchi ID kartasini rasmiylashtirib berish va identifikatsiyalovchi ID kartasini almashtirish:
- O‘zbekistonda mulkdorni o‘z uyiga yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish;
- mulkdor tomonidan fuqarolarni yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan chiqarish;
- o‘zining yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilganligini o‘zi bekor qilish;
- O‘zbekiston fuqarolarini turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish;
- yashash joyi bo‘yicha maʼlumotnoma berish;
- yashash joyida ro‘yxatdan o‘tib yashovchilar to‘g‘risida maʼlumotnoma berish;
- sudlanganlik haqida maʼlumotnoma berish.
Ariza yuborish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar:
- O‘zbekiston fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun;
- fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning biometrik harakatlanish hujjatini rasmiylashtirish uchun;
- chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar va ularning oila aʼzolarini O‘zbekistonga taklif qilish bo‘yicha;
- chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish;
- O‘zbekiston fuqaroliga mansub emaslik to‘g‘risida;
- chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning viza muddatlarini uzaytirish.
IIV kelgusi yil yil 1-maygacha eksperiment natijasidan kelib chiqib, shoxobchalarni respublikaning boshqa hududlarida ham tashkil etish bo‘yicha hukumatga taklif kiritadi.
1-maydan IIV huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti elektron kirish vizasi bilan kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning vizasini bir marta 30 kungacha uzaytirish huquqiga ega bo‘ladi.
Xorij fuqarolariga O‘zbekistonda mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan tasdiqnomani rasmiylashtirish vakolati departamentga ham beriladi.
Hududiy IIO rahbarlariga chet el fuqarolari o‘qiyotgan yoki ishlayotgan muassasalar mablag‘lari hisobidan, shartnoma asosida migratsiya bo‘linmalariga qo‘shimcha shtat birliklarini joriy etish huquqi beriladi.
Joriy yil 1-sentabrdan talabalar yotoqxonasiga joylashish bo‘yicha shartnoma tuzish bilan bir vaqtda talabalarni turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishning kompozit tartibi joriy etiladi.
1-fevraldan jismoniy shaxslarga ID karta birinchi marta rasmiylashtirilganda, uning chipiga elektron raqamli imzo sertifikati bepul joylashtiriladi.
Shuningdek, fuqaro Elektron hukumat tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash yagona axborot tizimida avtomatik va bepul ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda migrantlar uchun Passport-Visa mobil ilovasi ishga tushirilishi haqida yozgandi.
