Qozog‘iston Madaniyat va axborot vazirligi bolalar hamda o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini cheklashga qaratilgan qonun loyihasini ishlab chiqdi. Bu haqda Qozog‘iston hukumati matbuot xizmati xabar berdi.
“Hozirda bolalar va o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Madaniyat va axborot vazirligi onlayn platformalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini tartibga soluvchi qonun loyihalarini ishlab chiqdi. Ular 16 yoshga to‘lmagan fuqarolarga ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tishni taqiqlashni nazarda tutadi”, — deyiladi Telegram-kanalida e’lon qilingan xabarda.
Hukumat ma’lum qilishicha, ularni amalga oshirish uchun ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining yoshini tekshirish mexanizmlari va qoidabuzarliklar uchun javobgarlik choralarini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, tayyorlangan qonun loyihalari orasida onlayn platformalar hamda ommaviy axborot vositalari faoliyatini tartibga solish ham bor.
Unga ko‘ra, qonunchilik darajasida reklama daromadlarini onlayn platformalar va ommaviy axborot vositalari o‘rtasida taqsimlash, shuningdek, ayrim tovarlarni reklama qilishga qo‘yilgan taqiqni qisman olib tashlash imkoniyati ko‘rib chiqiladi.
Qonun loyihalari ekspertlar tomonidan baholanib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilganligi ta’kidlandi.
Avvalroq Buyuk Britaniya bolalar va o‘smirlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Qayd etilishicha, hukumat tomonidan bolalarni internetdan himoya qilish maqsadida yangi cheklov chorasi ko‘rib chiqilmoqda.
O‘tgan yili Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqladi.
Yevropa parlamenti esa ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun yosh cheklovlarini joriy etishni talab qilmoqda. Daniya 15 yoshga to‘lmagan shaxslar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi.
Shuningdek, TikTok yaqin haftalar ichida butun Yevropa bo‘ylab yoshni aniqlashning yangi texnologiyasini joriy etishni boshlashi haqida xabar berilgandi.
Tekshiruv 13 yoshdan kichik bolalarga tegishli hisoblarni aniqroq aniqlash va o‘chirishni talab qilayotgan nazorat organlarining ta’siri bilan bog‘liq.
U profil ma’lumotlari, joylashtirilgan videolar va foydalanuvchi xatti-harakatlarini tahlil qilib, hisobning voyaga yetmagan shaxsga tegishli ekanligini bashorat qiladi.
