Markaziy bank banklar tomonidan kredit va mikroqarzlar bo‘yicha kechiktirilgan to‘lovlar uchun jarima va sanksiyalar qo‘llanilishini o‘rgandi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Tahlil natijalari ayrim hollarda banklar kredit to‘lovlari kechiktirilgani uchun qo‘llayotgan sanksiyalar miqdori kreditning dastlabki qiymati va kreditorning haqiqiy xarajatlariga mutanosib emasligini ko‘rsatmoqda.
Xususan, to‘lovlar muddati buzilganda kechiktirilgan to‘lov uchun hisoblanadigan foiz shartnomadagi yillik stavkaga nisbatan 1,5−3 barobarga, ba’zi holatlarda esa yillik 150−180% gacha oshirilmoqda. Bu esa foizli daromadning muqobil shakliga aylanmoqda.
Foizlarni to‘lash kechiktirilganda kunlik penya (uni hisoblash bo‘yicha eng yuqori chegara belgilanmagan holda) hisoblanib, uning yillik miqdori kreditning dastlabki qiymatidan bir necha barobar yuqori darajalarga yetmoqda. Har bir kechiktirish holati uchun kreditorning haqiqiy xarajatlari bilan bog‘liq bo‘lmagan qo‘shimcha bir martalik jarimalar belgilanmoqda.
Markaziy bank bir vaqtning o‘zida oshirilgan foiz stavkasi, penya va bir martalik jarimalar birgalikda qo‘llanilayotganini qayd etib, bu qarz oluvchilar uchun moliyaviy yuklamani keskin oshirayotganini bildirdi.
“To‘lov muddatini kechiktirish bilan bog‘liq umumiy qo‘shimcha xarajatlar kreditni vijdonan va o‘z vaqtida xizmat ko‘rsatish qiymatidan bir necha barobar yuqori bo‘lishiga hamda qarz oluvchi uchun yuzaga keladigan haqiqiy moliyaviy yuklama ushbu majburiyatlar bajarilishini iqtisodiy jihatdan qiyinlashtiradigan darajaga olib kelmoqda”, — deyiladi xabarda.
Bunday amaliyot banklar uchun mijozlarga kechikishning oldini olish yoki qarzni o‘z vaqtida to‘lashga ko‘maklashish o‘rniga, undan foyda ko‘rish manfaatliroq bo‘lgan iqtisodiy modelni shakllantirmoqda.
Shartnomalardagi bu kabi shartlar kreditorni to‘lov intizomini ta’minlashdan ko‘ra kechiktirishdan daromad olishga obyektiv ravishda undaydi hamda shartlarning ochiq va tushunarli oshkor etilishida shaffoflikning buzilishi xavfini oshiradi.
Majburiyatlar buzilishi kredit olishda qarz oluvchiga haqiqiy moliyaviy oqibatlarni oldindan baholash imkonini bermaydi, aksincha, murojaatlar sonining oshishi va bank tizimiga bo‘lgan ishonchning pasayishiga olib keladi.
Markaziy bank majburiyatlarni kechiktirib bajarganlik uchun qo‘llaniladigan sanksiyalar kompensatsion xarakterga ega bo‘lishi lozimligini ta’kidlab, kreditorning kechikishdan iqtisodiy manfaatdor bo‘lishiga olib keladigan hamda qarz oluvchining javobgarlik choralarini mustaqil daromad manbaiga aylantiradigan shartnoma shartlari shakllantirilishini yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat deb hisoblaydi.
Shundan kelib chiqib, Markaziy bank qarz oluvchilar uchun to‘lovni kechiktirish oqibatlarini oldindan aniq bilish imkonini yaratish maqsadida kredit shartnomalarida moliyaviy javobgarlikning aniq miqdorini belgilash to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi.
Avvalroq Spot onlayn mikroqarz berish tartibi o‘zgargani, jumladan, endi bir kunda faqat 1 ta bankdan kredit olish mumkin bo‘lishi haqida yozgandi.
