NASA Mars va Oyga uzoq muddatli kosmik missiyalar uchun astronavtlarni yerga bog‘liq bo‘lmagan oziq‑ovqat tizimini yaratish bo‘yicha yangi global tanlov e’lon qildi.

“Deep Space Food Challenge: Mars to Table” nomli tanlov ilm‑fan ixlosmandlari, oshpazlar, innovatorlar, talaba va mutaxassislarni astronavtlar uchun to‘liq mustaqil oziq‑ovqat tizimini loyihalashga taklif etadi.

“Kelajakda tadqiqot missiyalari nafaqat davomiyligi, balki Yer bilan masofasi bo‘yicha ham oshadi. Bu astronavtlarimizni oziqlantirish masalasini murakkablashtiradi va insonning kosmosni uzoq muddat egallashi uchun innovatsion yechimlarni talab qiladi”, — dedi Vashingtondagi NASA shtab-kvartirasi Kosmik texnologiyalar boshqarmasi vakolatli o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Greg Stover.

Agentlikdan tashqaridagi g‘oyalar eshigini ochish NASA’ning Yer bilan masofasi katta bo‘lgan missiyalarda mustaqil ishlash qobiliyatini mustahkamlaydi.

“Mars to Table” loyihasi NASA’ning turli oziq-ovqat ishlab chiqarish va tayyorlash usullarini Marsda ishlatiladigan to‘liq, mustaqil tizimga birlashtirishga qaratilgan.

Tanlovda butun dunyo bo‘ylab istaganlar qatnashishi mumkin, arizalar qabul qilish muddati — 2026-yil 31-iyulgacha davom etadi. Mukofot jamg‘armasi esa $750 minggacha yetadi.

Amerikalik jamoalar asosiy mukofotlar uchun ishtirok etadi. Xalqaro jamoalar tanlovda qatnashish va e’tirof etilish huquqiga ega, ammo NASA’dan pul mukofoti ololmaydi. Eng ko‘pi bilan uchta xalqaro jamoa xalqaro bosqichning g‘olibi va finalisti deb e’lon qilinishi mumkin.

Amerikalik jamoalar uchun mukofotlar quyidagicha taqsimlanadi: 1-o‘rin $300 minggacha, 2-o‘rin $200 minggacha va 3-o‘ringa $100 minggacha mukofot beriladi.

Kategoriyalar bo‘yicha mukofotlar: maxsus ustuvor sohalarda yutuqlar uchun har biri $50 minggacha bo‘lgan uchta mukofot berilishi mumkin.

Tamlovda ishtirok etish uchun havola va batafsil ma’lumot bu yerda.


Avvalroq O‘zbekiston 2026-yilda Xitoy bilan sunʼiy yo‘ldosh uchirishi haqida xabar berilgandi.

O‘zbekkosmos paxta va g‘alla vegetatsiyasini aniqlashda sunʼiy intellekt modulini joriy etadi, Xitoyning Star.Vision kompaniyasi esa suratlar va maʼlumotlarni taqdim etadi.